Yosh kitobxondan 7 tavsiya

She’riyat mulkining sultoni, o‘zbek adabiy tili asoschisi Alisher Navoiy shunday deydi:
“Har ishniki qilmish odamizod,
Kitob birla bilmish odamizod”.
Kitobning inson hayoti va kamolotida tutgan o‘rni shu ikki misraning o‘zida jamul-jam deyish mumkin.
Kitob - betakror ma’naviy xazina. Chunki u ishlatganing, foyda­langaning sari kamaymaydi, aksincha, boyib boradi.
Kitob - sakkizinchi mo‘‘jiza. Chunki barcha mo‘‘jizalar aynan uning ko‘magida yaratiladi. Shu­ning uchun ham bugun buyuk kelajak sari shiddat bilan borayotgan yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan kitob va kitobxonlik ravnaqiga yuksak e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari belgilab bergan 5 muhim tashabbusning biri ham aynan kitob bilan bog‘liq.
Kitob o‘qish, unga oshno bo‘lish, bu sinoatli xazinadan bahra olish uchun nima qilmoq kerak? Qanday qilib u eng yaqin do‘stga aylanishi va munavvar manzillarga yetaklashi mumkin.
Biz an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitob­xon” ko‘rik-tanlovining respublika bos­qichida mutlaq g‘olib bo‘lib, Prezident sovg‘asi - “Spark” avtomashi­nasi bilan taqdirlangan Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanilik iste’dod sohibasi, Qo‘qon davlat pedagogika institutining filologiya fakultetini tamomlagan yosh muallima Sharofat Ismoilovaning aynan kitobga oshno bo‘lish haqidagi tavsiyalariga quloq tutdik.
Suhbatdoshimiz kitobni hayotingiz mazmuniga aylantiradigan quyi­dagi 7 tavsiyani aytib o‘tdi:
1) U bolalikdanoq insonda qu­yidagi fazilatlarni shakllantiradi:
- intizomlilik;
- kamtarlik;
- tirishqoqlik;
- ochiq ko‘ngillik;
- atrofdagilarga hurmat;
- rostgo‘ylik;
- mehnatsevarlik.
2) U munavvar manzillar sari yetaklaydigan quyidagi 7 omilga oshno etadi:
- mustaqil fikrlash;
- o‘z ustida muntazam ishlash;
- atrofdagi voqeliklarga nisbatan sinchkov bo‘lish;
- har qanday soha vakillaridan ibratli ko‘nikmalarni o‘zlashtirish;
- jamiyat uchun daxldor bo‘lishga intilish;
- vaqtdan unumli foydalanish;
- inson ma’naviyati va bilimini yuksaltiradigan durdona asarlarni mutolaa qilish;
3). Mutolaaning 7 qoidasi:
- asar mutolaasiga chin dildan xohlabgina kirishish;
- adabiy kundalik tutib, asar­ning eng muhim jihatlarini qayd etib bo­rish;
- asar muallifi va u yozilgan davr hamda mavzu haqida bilimga ega bo‘lish;
- mutolaa davomida asar voqealarini tasavvurda jonlantirish;
- qahramonlarning ijobiy fazilatlarini o‘ziga yuqtirish, salbiy qahramonlardagi qusurlardan yiroq bo‘lish;
- albatta, kitobni ohirigacha mutolaa qilish;
- o‘zining yoshiga mos asarlarni mutolaa qilish;
Suhbatdoshimiz aziz o‘quv­chilarga o‘ziga manzur bo‘lgan quyidagi 7 asarni o‘qishga ham undadi:
- Hamsa - Alisher Navoiy;
- “Kichkina shahzoda” - Antuan de Sent Ekzyuperi;
- “Irkit o‘rdakcha” - Andersen;
- “So‘nggi yaproq” – O’Genri;
- “Mungli ko‘zlar” - Xudoyberdi To‘xtaboyev;
- “Alvido bolalik” - Tohir Malik;
- “Onaizorim” - Isojon Sulton.

qaydlarni Maftuna REJABBOYEVA yozib oldi