Prezident maktabiga imtihonlarning asosiy bosqichi bo‘lib o‘tdi

Prezident maktabiga qabul imtihonlarining asosiy bosqichi ham yuksak tashkiliy-tayyorgarlik bilan o‘tdi.
Namangan viloyatida Prezident maktabiga qabul imtihonlarining dastlabki bosqichida 7742 nafar o‘quvchi ishtirok etgan edi. Matematika fani bo‘yicha sinov­dan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarning 2880 nafari 22 – 24-iyul kunlari galdagi asosiy bosqichda nufuzli ilm maskani o‘quv­chisiga aylanish uchun yanada jiddiy sinovda qatnashdilar.
Asosiy bosqichda saralash imtihonlari axborotni tahlil qilish va solish­tirish qobiliyatini aniqlash bo‘yicha 16 ta masala va mantiq elementlari bo‘lgan matematika fanidan 24 ta masalani yechish­dan iborat bo‘lib, ushbu vazifani bajarish uchun 60 daqiqa vaqt berildi. Ingliz tilidan 55 ta test savollariga javob topish uchun esa, 75 daqiqa vaqt ajratildi.
Qabul imtihonlari har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratilgan Namangan shahridagi “Barkamol avlod” maj­muasida yuksak tashkiliy tayyorgarlik bilan namunali o‘tkazildi. 22-iyul kuni 5 - 6-sinflarga, 23-iyul kuni 7 - 8-sinf­larga, 24-iyul kuni esa 9 - 10-sinflarga qabul uchun o‘quvchilar galdagi saralash imtihonlaridan o‘tdilar.
Imtihon jarayonlarini O‘zbekiston Res­publikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda Kembridj universiteti vakillari kuzatib bordilar. Avval ham aytib o‘tganimizdek, ota-onalar va ustozlarga farzand­larining imtihondagi ishtirokini onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratildi.
Natijalar Buyuk Britaniyaning ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkiloti Cambridje Assessment tomonidan aniqlanadi.
Sinovlar qizg‘in, talabgorlar juda ham ko‘p, demak, raqobat ham shunga yarasha kuchli. Shunday ekan, yuksak bilim, iqtidor va iste’dod egasi bo‘lgan intellektual yoshlargagina Prezident maktablarida o‘qish nasib etadi.
Namanganda esa, buyuk kelajak sari qat’iy ahd bilan intilayotgan, baland marralar, yuksak cho‘qqilarni ilm-ma’rifat bilan zabt etishga chog‘langan iste’dodlar bisyor. Prezident maktabiga qabul uchun bo‘lib o‘tayotgan imtihonlarning dastlabki bosqichida 25 nafar o‘quvchi jami 30 ta test savolining barchasiga to‘liq va mukammal javob berib, 96 ballik yuksak natijani qo‘lga kiritgani ham shundan dalolat beradi. Bu esa, mamlakatimizning to‘rtta hududi, ya’ni Toshkent shahri, Namangan, Xorazm va Qoraqalprg‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan imtihon natijalariga ko‘ra eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Mardonbek ESONBOYEV