Etno-karnaval unda viloyatimiz vakili ham ishtirok etdi

Mamlakatimiz yoshlari xalqaro arenalar va dunyo sahnalarida ham o‘z iqtidor va qobiliyati bilan nimalarga qodir ekanligini yaqqol namo­yon etmoqda.
Azizbek Komilov ana shunday iste’dod sohiblaridan. Chortoq tumanidagi 40-umumta’lim maktabining endigina 4-sinf o‘quvchisi bo‘lgan Azizbek 3 yildirki, tumandagi 14-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida “Akademik va estrada ijrochiligi” yo‘nalishida saboq olib keladi. Ustozi Shoira Tojiboyevadan san’at sirlarini qunt bilan o‘rganayotgan bolakay ko‘plab festival-tanlovlarda munosib muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritgan.
Yosh iste’dod sohibi yaqinda Qirg‘izistonning so‘lim va betakror, maftunkor Issiq-ko‘lida tashkil etilgan Etno-karnavalda ishtirok etib qaytdi. Qirg‘iziston Respublikasining ta’lim va fan vazirligi tomonidan “Seytek” bolalik va yoshlik markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan san’at festivaliga qadim Issiq-ko‘lning shimoliy qirg‘oqlarida joylashgan “Barchin” xalqaro bolalar sport-sog‘lomlashtirish majmuasi mezbonlik qildi. Etno-karnaval Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston hamda Qirg‘izistonning barcha hududlaridan kelgan 9 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 400 nafardan ziyod talantlarni jamladi. Xalqaro san’at anjumani MDH va uzoq xorij davlatlarining azaliy madaniy qadriyatlarini tiklash va saqlab qo­li­sh­ni, do‘stlik aloqalarini o‘rnatish, turli mamlakatlardan kelgan bolalar va o‘smirlar o‘rtasida madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, iqtidorli bolalar va yoshlarning ijodiy aloqalari uchun shart-sharoit yaratish tajriba almashish, bolalarning badiiy, musiqiy, vokal, xoreografik mahoratini rivojlantirishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli.
“Xalq cholg‘ulari kuni”, “Jarangdor ovozlar kuni”, “Ijodkorlik qanotlarida”, “Milliy madaniyat kuni”, “Talant-shou”, interaktiv o‘yinlar, xalq amaliy san’ati bo‘yicha o‘tkazilgan mahorat darslari, milliy va zamonaviy raqslar, vokal, komuz o‘yinlari Issiq-ko‘lga turli o‘lkalardan kelgan iste’dodlarga olam-olam taassurotlar tuhfa etdi.
Besh nominatsiyani o‘z ichiga olgan “Issiq-ko‘l do‘stlarni chorlaydi” oltinchi xalqaro bolalar tanlovi gala-konsert bilan yakunlandi.
- Katta sahnada chiqish qanchalar hayajonli bo‘lmasin, ona yurt mehri, ota-onam va ustozlarim ishonchi menga ishtiyoq va jo‘shqinlik bag‘ishlab turdi, - deydi Azizbek Komilov. - Ko‘plab davlatlardan kelgan tengdoshlarim va san’at ustalari olqishlar bilan qarshi olishganida, nufuzli hakamlar e’tirofini qozonib, I darajali diplom va tanlov medali bilan taqdirlanganimda qalbim faxr-iftixorga to‘ldi. Bunday e’tiroflar kelajakda meni yetuk san’atkor bo‘lish yo‘lidagi orzula­rim ro‘yobiga qanot bag‘ishlaydi.

Isroil YUSUPOV