Ekologiya burchaklari yoshlarning atrof-muhit borasidagi bilimlarini yuksaltiradi

Ekologiya - musaffo hayot, maftunkor tabiat, atrof-muhitni sof holda asrash va kelajak avlodlarga yetkazish demakdir.
Bu borada esa, ekologik muammolar yechimiga ta’lim tizimini joriy qilish bilan hissa qo‘shish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning ekologik savodxonligini oshirish, ekologik ong va madaniyatni shakllantirish va rivoj­lantirish, buning uchun ekologik ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish muhim va dolzarb ahamiyatga ega.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida ekologik ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi­ni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ana shu ezgu maqsadlarga qaratilgani hamda 2017 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidagi ustuvor vazifalar ijrosini o‘zida mujassam etgani bilan e’tiborli.
Mazkur qaror va Xalq ta’limi vazirligi­ning 2019 yil 19 iyuldagi 06-02/5-224- sonli xatiga asosan umumta’lim maktablarida yosh avlodning ekologik bilim va madaniyatini yuksaltirish hamda ularda atrof-muhitga muhabbat tuyg‘usini shakllantirish maqsadida “Ekologiya burchaklari” tashkil etish ishlari jadal olib borilmoqda.
Norin tumanidagi 40-umumta’lim maktabida viloyatda birinchilardan bo‘lib ana shunday “Ekologiya burchaklari” tashkil etildi. Maktab kutubxonasida, barchaga qulay va ko‘rinarli joydan o‘rin oladigan “Ekologiya burchaklari” stendida tabiat va atrof-muhit, suv va o‘simliklar dunyosi, hayvonot olamiga oid ko‘plab ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan.
Mazkur maktabda tashkil etilgan viloyat seminarida “Ekologiya burchaklari”ni tashkil etish bilan bog‘liq yo‘riqnoma va tavsiyalar berildi. Shuningdek, barcha ishtirokchilar, shahar va tumanlardagi umumta’lim maktablari­ning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari buni amaliy jarayonda kuzatish imkoniga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston ekologik harakati Namangan viloyati hududiy bo‘limi rahbari Qodirjon So‘pijonov hamda ustoz-muallimlar tomonidan o‘quv fanlari doirasida ekologik bilimlarni amaliyotga joriy qilish, boshlang‘ich sinf­lardanoq o‘quvchilarga ekologik saboqlarni o‘rgatib borish haqida tavsiyalar, amaliy maslahatlar berdilar.

Maftuna REJABBOYEVA