“BARKAMOL AVLOD” - BARDAVOM AVLOD

Kelajagimiz egalarini har jihatdan yetuk, ilmu iqtidorli, intellektual salohiyatli ulg‘aytirish, iste’dod va qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, jismonan barkamollik sari yetaklash maqsadida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan besh muhim tashabbus doirasidagi chora-tadbirlar, amaliy sa’y-harakatlar tobora keng quloch yozmoqda.
Viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazida ham tashabbus ijrosi doirasida keng qamrovli tadbirlar tashkil etildi.”Yoz konsepsiyasi - 2019” bilan uyg‘un tashkil etilgan tadbirda markazda yo‘lga qo‘yilgan barcha yo‘nalishlardagi o‘quv­chilar faol ishtirok etdilar.
Ta’kidlash joizki, viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazida badiiy ijodiyot, texnik ijodiyot, ekologiya va o‘lkashunoslik, chet tili, sport yo‘nalishlarida jami 23 ta to‘garak muntazam ish olib bormoqda. Ularga 45 ta guruhda 500 nafar o‘g‘il-qiz qamrab olin­gan. Ular orasida viloyat va respublika miqyosidagi ko‘rik-tanlovlar va festivallar g‘oliblari ko‘p. Birgina shu yilning o‘zida 294 ta tadbir tashkil etildi. 1654 nafar o‘quvchi iqtidor va salohiyatini namoyon etish uchun bahsga kirishgan mazkur tanlov va tadbirlarda ularning 150 nafarga yaqini sovrindor bo‘lishdi. 8 nafar o‘quvchi respublika miqyosidagi festival-tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallagani, ayni paytda 2 nafar o‘quvchi xalqaro miqyosda tashkil etiladigan “Youth techno art - 2019” festivalida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgani quvonarli.
Besh tashabbus doirasidagi tadbir ham o‘quvchilarning yozgi ta’til onlari maroqli o‘tishiga xizmat qilishi barobarida ularning iqtidor va iste’dodini yanada tobladi.

Ulug‘bek MAMADALIYEV,
viloyat BABM madaniy-ommaviy tadbirlar tashkilotchisi