SERQIRRA QIZALOQ

Jajjigina bo‘lishiga qaramay juda ko‘p muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritayotgan o‘g‘il-qizlarni ko‘rib, bir vaqt­ning o‘zida bir nechta mashg‘ulotlarga qanday ulgurayotganiga qoyil qolasan kishi. Qolaversa, ularning yutuqlari ham shuncha ko‘p. Biz sizlarga hikoya qilib bermoqchi bo‘lgan qahramonimiz ham yuqorida ta’kidlaganimizdek juda serqirra va intiluvchan qizaloq. Namangan shahridagi 58-DIUMning 5-sinf o‘quvchisi Adiba Tojimirzayeva yosh bo‘lishiga qaramay, ingliz, nemis hamda rus tilida bemalol muloqot qila oladi. Bir daqiqa bo‘lsin, vaqtini bekor o‘tkazmaydi. Qo‘shimcha mashg‘ulotlarga kun tartibi asosida muntazam qatnashadi. Yana bo‘sh vaqtlarida kitoblar mutolaa qilib, kichik-kichik tarjimalar bilan shug‘ullanadi. Adiba bolalikdanoq sport bilan do‘st tutingan. Kunning ikkinchi yarmida suzish hamda stol tennisi uning hamrohiga aylanadi. Respublika hamda xalqaro fan olimpiadalari, tanlov hamda bellashuvlar qahramonimiz uchun bir olam zavq bag‘ishlaydi. Matematikani jon dili bilan o‘rganayotgan qizaloq bir necha bor Rossiyada o‘tkazilgan matematika olimpiadalarida birinchilikni qo‘lga kiritgan. Joriy yil Adiba uchun chin ma’noda omadli bo‘lmoqda. May oyida Singapurda o‘tkazilgan Xalqaro matematika olimpiadasida (Singapore International Math Olympiad Challenge SIMOC) faol ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Mazkur bellashuv Adibaning xalqaro diplomlari va oltin medallari sonini yana bittaga ko‘paytirdi. Hozirda qizaloq Prezident maktabi imtihonlarining natijasini kutmoqda.

Chamanoy ISROILOVA