SO‘LIM GO‘SHALAR SURURI

Eng yaxshi ko‘rgan faslim oltin yoz. Nega deysizmi? Axir bu faslda mazza qilib hordiq chiqarishim mumkinda. Yana qayerda deysizmi? Soya-salqin bog‘lari bor qishloqda, baland tog‘lar bag‘riga tutash qadrdon bobomning mo‘jazgina hovlilarida. Hovlining shundoq etagidan oqib o‘tadigan anhor bo‘yiga ekilgan majnuntollar har kuni erkalanib sochlarini yoyib turishadi. Suv esa atay ular bilan o‘ynayotganday uzun shohlarini olis olislarga oqizishga harakat qiladi. Buvim majnuntollar haqida har kuni har xil afsonalar aytib beradilar. Yana hovlining shundoqqina o‘rtasiga anvoyi gullar ekilgan bo‘lib, ayniqsa, bobom atirgullarni juda yaxshi ko‘radilar. Bog‘imizda turli mevali daraxtlar ko‘p, ayni yoz pallasida shirin-shakar mevalar yetilib pishadi. Har tongda bobom bilan bog‘ aylanib, pishgan mevalarni uzib ola­miz. Kun bo‘yi dasturxondan noz-ne’mat uzilmaydi. Buvimlar esa ona tabiatni ko‘p alqaydilar. Mehrga, albatta, mehr javob bo‘lib qaytadi deydilar, uzumlardan tanovul qilar ekanlar.
Men esa bu yerda bo‘sh vaqtimni maroqli mashg‘ulotlar bilan o‘tkazishga harakat qilaman. Mehnatsevarlikni qadrlaydigan bobom bilan birgalikda bir nechta daraxtlarga qush inini yasadim. Yana yangi ekilgan ko‘chatlarga har kuni suv quyaman. Og‘ilxonadagi sigir, qo‘y, echkilarga vaqtida ozuqa berib turaman yoki yaylovda o‘tlatib kelaman. Ha, aytgancha bu yerda Yaman laqabli jigarrang tulpor bor. Hozir u bilan ham ancha do‘stlashib olganman. Chunki uni minib har kuni yaylovni aylanib kelamanda. Hullas yoz fasli menga ana shunday zavqli va sururli onlarni tuhfa etmoqda. Men bo‘lsam bu faslni sirayam tugamasligini xohlardim.

Abbos SAIDOV,
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 7-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchis