XALQARO OLIMPIADADA

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida iqtisodiyot fani bo‘yicha II Xalqaro olimpiada (International Economics Olympiad, IEO) bo‘lib o‘tmoqda.
Iqtisodiyot Oliy maktabi tashabbusi bilan Rossiyaning “Sberbank” banki homiyligida tashkil etilayotgan nufuz­li olimpiadada jahonning Avstriya, Braziliya, Qozog‘iston, Hindiston, Ispaniya, Yangi Zelandiya, Janubiy Koreya, AQSh, O‘zbekis­ton singari 29 davlatidan 16 - 18 yosh oralig‘idagi maktab o‘quvchilari (bir jamoada 5 nafar o‘quvchidan ko‘p bo‘lmagan holda) o‘zaro bahs olib bormoqdalar. Ta’kidlash joizki, ushbu musobaqalar ishtirokchilarining aksariyati o‘z mamlakatla­rida iqtisodiyot va moliyaviy savodxonlik bo‘yicha o‘tkazilgan milliy tanlovlar g‘olibla­ridir.
Olimpiadada mamlaka­timiz sharafini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Surxon­daryo hamda Farg‘ona viloyati vakillari himoya qilmoqdalar.
Ular orasida Namangan shahridagi 18-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatining 10-sinf o‘quvchisi Boburmirzo Valijonov ham bor.
Qatnashchilar uch bos­qichda, har bir bosqich o‘z mavzusi bo‘yicha - moliyaviy savod­xonlik, iqtisodiyot va biznes masalalari yechimi mavzularida bahs olib boradilar. Birinchi hamda ikkinchi bosqichda ishtirokchilar yakka tartibda baholanadilar. Oxirgi bosqichda esa qatnashchilar­ning jamoaviy tarzdagi ishlari baho­lanadi.
Turnir g‘oliblari kelgusida o‘z mamlakatlaridagi istalgan oliy Iqtisodiyot maktabi va ta’lim muassasalarida imtihonsiz o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar.
Tadbirning ochilish marosimida Olimpiada Vasiylik Kengashi raisi, Garvard universiteti professori, Nobel mukofotining iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha 2007-yilgi laureati Erik Maskin “Mexanizmlar­ning dizayn nazariyasiga kirish” mavzuida ma’ruza qildi.
Iste’dodlar bahsi, intellektual yoshlar tanlovida mamlakatimiz vakillariga, xususan, ular tarkibida qatnashayotgan iqtidorli o‘quvchimizga omad tilaymiz. Bilimlar sinovida ona O‘zbekistonimiz yoshlari nimalarga qodir ekanliklarini yaqqol namo­yon etishlariga ishonamiz!

Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati