“MEHRJON”DA MEHR va MURUVVAT TANTANASI

Chustning so‘lim va bahavo, soya-salqin G‘ova qishlog‘ida joylashgan “Mehrjon” bolalar oromgohida viloyatimizdagi 26-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari oltin yozning serzavq onlarini olam-olam taassurotlar, quvonchu shodliklarga oshno o‘tkazishmoqda.
Oromgohda “Yosh kitobxon”, “Yosh tikuvchi”, “Yosh to‘quvchi”, “Yosh ijodkor”, “Yosh san’atkor”, “Yosh dizayner”, “Yosh sportchi” singari to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lib, ular faoliyati muntazam yo‘lga qo‘yilgan.
Bolajonlar sport va san’atga oshno, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan yozgi ta’til kunlarini maroqli o‘tkazayotgan maskan - “Mehrjon”da “Biz ozod yurt farzandlarimiz!” shiori ostida bayram tantanasi o‘tkazildi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi hamda Qurbon hayiti munosabati bilan tashkil etilgan shodiyona muassasaning jajji tarbiyalanuvchilari bo‘lgan Husanboy va Bilolxonlarning xatna to‘yi bilan boshlandi.
To‘kin dasturxon atrofida o‘g‘il-qizlar va mehmonlar to‘ybolalarni qutlab, ularning quvonchiga sherik bo‘ldilar.
Tantanada ishtirok etgan Davlat xavfsizlik xiz­mati viloyat boshqarmasi, viloyat avtomobil yo‘llari boshqarmasi, xalq ta’limi boshqarmasi, harbiy qismlar va keng jamoatchilik vakillari kelajagimiz egalarini mehr-oqibat, insoniylik va ezgu qadriyatlar bayrami iyd-Qurbon hayiti bilan tab­riklab, ularga shirinliklar, o‘quv qurollari, badiiy kitoblar va sport anjomlari sovg‘a qilishdi.
E’tibordan qalbi olam-olam shodliklarga to‘lgan o‘g‘il-qizlar betakror kuy-qo‘shiqlar, raqslar va sahna ko‘rinishlaridan iborat bayram dasturi bilan mehmonlarni xushnud etishdi.

Mardon ESONBOYEV