Besh tashabbusda istiqbol odimlari

Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi sharafiga Pop tumanidagi 3-umumta’lim maktabida tashkil etilgan viloyat seminari Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan besh tashabbus asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarga bag‘ishlandi.
“Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida tashkil etilgan semi­narda Namangan shahri va viloyatning barcha tumanlari xalq ta’limi bo‘limi mudirlari o‘rinbosarlari ilm maskanida yoshlarning ma’naviy va jismoniy kamoloti, istiqboli borasida besh tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan faoliyat bilan yaqindan tanishdilar.
Ta’kidlash joizki, kelajagimiz egalari­ni yuksak cho‘qqilar va baland marralar sari yetaklashda muhim omil bo‘lgan besh tashabbus yozgi ta’til kunlarida ham o‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va samarali o‘tkazishga xizmat qilibgina qolmay ularni iste’dod va qobiliyat bobida tobladi.
Birgina misol Popning so‘lim va betakror Chorkesar qishlog‘ida joylashgan 3-umumta’lim maktabida 1109 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Prezidentimizning besh tashabbusi hayotga tatbiq etilgunga qadar mazkur maktab kutub­xonasi 2000 dona kitob fondiga ega edi xolos. Ta­shabbus asosidagi sa’y-harakatlar keng quloch yozishi natijasida keltirilgan yangidan-yangi badiiy adabiyotlar hisobiga maktabning ziyo maskani kitob fondi 3284 taga yetdi. Bu esa o‘quv­chilarning yozgi ta’tilni kitobga oshno holda maroqli va mazmunli, bir olam taassurotlar bilan o‘tkazishlariga keng imkonyaitlar yaratdi.
Faqat shugina emas, besh tashabbus asosida tashkil etilgan rubob va doira to‘garagi 40 nafar o‘quvchini o‘z bag‘riga oldi. Jismoniy barkamollik sari intilayotgan 300 nafar o‘g‘il-qiz esa, shaxmat-shashka, voleybol, stol tennisi, futbol to‘garaklari mashg‘ulotlarida band.
Bunday odimlar, yoshlarning iste’dod va qobiliyatini yuksaltirib, ular orasidan kitobxonlik, san’at va ma’naviyat yo‘nalishida yangidan-yangi talantlar, sport borasida chempionlar yetishib chiqishiga xizmat qilmoqda.
Kitobxon tanlovi tuman bosqichi g‘olibi 7-sinf o‘quvchisi Gulsanam Po‘latjonova, 10-sinf o‘quvchisi karate bo‘yicha 3 karra O‘zbekiston chempio­ni Sevinch Siddiqova shular jumlasidan.
Seminar ishtirokchilari ma’nifat maskanida amalga oshirilayotgan ishlar, ezgu tashabbuslar va tajribalar bilan yaqindan tanishdilar, fikr-mulohazalar almashdilar. Maktabda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan ilm-fan, kasb-hunar va fan to‘garaklari faoliyati ularda katta taassurot qoldirdi.
Istiqlol, istiqbol va nurli kelajak.
Ozod Vatan, ona diyor farzandlarini buyuk kelajak sari yanada shahdu shijoat bilan odimlashga ruhlantirayotgan besh tashabbus istiqlol shodiyonalariga uyg‘un har qachongidan keng qanot yozmoqda.

Odiljon HAMIDOV,
ma’naviy axloqiy tarbiya va bolalarni ijtimoiy himoya qilish sho‘ba rahbari