VUNDERKINDLAR

Maktabda o‘quvchilar uchun eng murakkab va ayni paytda eng qiziqarli fan mate­matika ekani, shubhasiz. Qo‘shish, ayirish, ko‘paytirish, bo‘lish kabi amallarni o‘z ichiga olgan mazkur fanni alohida qiziqish bilan o‘rganayotgan o‘quvchilar ham talaygina. Namangan “Yoshlar markazi”da o‘tkazilgan mental arifmetika bo‘yicha viloyat birinchiligi ham ana shunday matematika bilimdonlarini bahsga chorladi. Tanlovda 4-16 yosh toifasidagi jami 130 dan ortiq o‘g‘il-qiz bahs olib bordilar.
Bellashuv shartiga ko‘ra bilimdonlardan 5 daqiqa davomida 70 ta arifmetik amallarni bajarish talab etildi. Ular belgilangan vaqt mobaynida bilimlari qanchalik chuqur ekanini isbotladilar.
Diqqatni jamlash, tasviriy xotira, tinglash va kuzatuvchanlik, tasavvur qilish, mantiq va analitik fikrlashni rivojlantirishga xizmat qiluvchi mental arifmetika bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuv yakuniga ko‘ra Namangan shahridagi 18-DIMIning 6-sinf o‘quvchisi Kamola Qamariddinova, Namangan tumanidagi 25-umumta’lim maktabining 3-sinf o‘quvchilari Ziyoda Abduvaliyeva hamda Zahro Abdurahmonova mutloq g‘olib deb topilib, musobaqaning mamlakat bosqichida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdilar.

Chamanoy ISROILOVA