“YOSH JURNALISTLAR” MEDIA-KLUBIDAN YANGI LOYIHA

Oltin yoz sarguzashtlari
Yozning issiq kunlari bilan birgalikda zavqli ta’til boshlangandan buyon oromgohlarda dam olayotgan, purviqor tog‘larga tutash so‘lim maskanlarda xordiq chiqarayotgan tengdoshlaringiz orasida musiqa va san’at yo‘nalishida yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan, kitob mutolaasi bilan muntazam shug‘ullanayotgan o‘g‘il-qizlar talaygina. Quyida ana shunday o‘quvchilar bilan tanishing.
Kitoblarga o‘rtoq qizaloq
Zeboxon endigina 2-sinfda tahsil oladi. Jajjigina qizaloq kitobga shu qadar mehr qo‘yganki, o‘qigan kitoblaridagi barcha qahramonlarini do‘stlari deb biladi. “Zumrad va Qimmat”, “Shirin qovunlar mamlakati”, “Charli va shokolad fabrikasi” kabilarni juda sevib mutolaa qiladi. Quvonarlisi shundaki, qahramonlarning ijobiy fazilatlarini o‘zida mujassam etishga astoydil intiladi.
Kitob mutolaasi uni yangi maqsadlar sari dadil odimlashga undaydi. U “Yosh kitobxon” tanlovida ishtirok etib, albatta, g‘olib bo‘lmoqchi. Hozirda uning o‘qigan kitoblari soni 100 dan oshadi. Kitobsevar tengdoshingiz ta’tilning zavqli onlarini mutolaa bilan yanada mazmunga to‘ldirmoqda.
Dilshoda TO‘PATILLAYEVA,
Namangan shahridagi 52-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi

KAMALAKDEK RANGO-RANG TA’TIL
Yozgi ta’tilda oromgohlarda maza qilib dam olib, yangi do‘stlar orttirib, har kunini yangicha mo‘jizalarga oshufta o‘tkazayotgan bolalar orasida Namangan shahridagi 31-umumta’lim maktabining 5-sinf o‘quvchisi Alibek Abduvaliyev ham bor. U ham do‘stlari bilan birgalikda tog‘lar bag‘ridagi “Kama­lak” bolalar oromgohida xordiq chiqardi. Uning aytishicha, so‘lim maskanda har kuni bir-biridan qiziqarli o‘yinlar, ko‘ngil­ochar tadbirlar, kitobxonlik musobaqalari va estafeta bellashuvlari tashkil etilgan. Ayniqsa, - deydi u suhbatimiz davomida, - osmon kabi moviy­ cho‘milish havzasi menga judayam yoqdi. Bu sururli kunlar haqida, albatta, o‘z tengdoshlarimga so‘zlab beraman.

Muattar O‘RINBOYEVA,
Chortoq tumanidagi 11-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi

«AVRORA-2019» kashf etgan iste’dod
Nozikkina jussasiga olamcha, osmoncha qobiliyatni, iqtidorni jo etgan Sarvinoz Umarjonova Namangan shahridagi 49-DIUMning faol o‘quvchilaridan biri. Yangi o‘quv yilida 5-sinfga qadam qo‘yadigan qahramonimizning qizi­­qi­sh­­lari juda ko‘p. Kitob o‘qib, she’rlar yodlaydi, multfilm qahramonlari suratini chizadi yana musiqa va raqs uning jon-u dili. Ayni paytda Sarvinoz Namangan shahridagi 11-BMSMning raqs, skripka va estrada xonandaligi kabi yo‘nalishlarida tahsil oladi. Qizaloq yaqindagina Sochida o‘tkazilgan “Avrora - 2019” xalqaro bolalar festival-konkursida raqs hamda skripka yo‘nalishlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, birdaniga 2 ta ikkinchi o‘rinni egallab qaytdi.
Mazkur xalqaro tanlov meni g‘alabalar sari ilhomlantirdi deydi, - qahramonimiz.
Yangi o‘quv yilida Sarvinoz bundan ham katta g‘alabalarga erishishni maqsad qilib qo‘ygan. Biz esa unga baland parvozlar tilaymiz.
Mahfuza BOZOROVA,
Namangan shahridagi 72-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi

MEN MAKTABGA TAYYORMAN
Ta’tilning zavqli kunlari yakunlanib, yana sermazmun maktab onlari yaqinlashib kelmoqda. Biz orziqib kutgan, do‘stlarni sog‘ingan diydor onlari yaqin. Men esa maktabga borish uchun barcha o‘quv qurollarimni allaqachon taxt qilib qo‘ydim. Tezroq 2-sentabr kelsayu, orziqib kutganim ta’lim maskanim bag‘rida bo‘lib qolsam. Mehribon ustoz­larim, qadrdon do‘stlarim bilan yana diydorlashsam, yoz taassurotlari haqida o‘rtoqlashsam. O‘sha kunlarni intiqlik bilan kutyapman.
Sumaya OLIMOVA,
Chust tumanidagi 60-umumta’lim maktabining 4-sinf o‘quvchisi