Yuksak marralar sari

Yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan yoshlar ma’naviyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan 5 ta muhim tashabbusning biri yosh avlod o‘rtasida sportni rivojlantirishdir. Mamlakatimizda sohada amalga oshirilayotgan ishlarning samarasi o‘laroq bugungi kunda yoshlarimiz dunyo arenalarida mustaqil O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘targancha yurtimiz sha’nini munosib himoya qilmoqdalar.
Qahramonimiz Rahmatillo Halilov Namangan shahridagi olimpiya zahiralari maktabining 8-sinfida tahsil oladi. Yosh bo‘lishiga qaramay, sportning karate turi bo‘yicha bir qancha yutuqlarni qo’lga kiritgan. “Bekobod metallurg open” chempionatida faxrli 3-o‘rin, 2019-yil “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” munosabati bilan Namangan viloyatidagi bolalar-o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan sport maktabi ochiq birinchiligida 2-o‘rin, “Tashkent open” musobaqasida faxrli 2-o‘rin, Andijon viloyati Buloqboshi tumani hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tuman birinchiligida 3-o‘rin, Qirg‘iziston Respublikasi Issiqko‘l shahrida o‘tkazilgan “Issiqko‘l open-2019” musobaqasida faxrli 3-o‘rin, 1-iyun “Bolalarni himoya qilish kuni”ga bag‘ishlangan “Tayfun” karate klubining ochiq birinchiligida faxrli 1-o‘rin, 35 kg. vazn toifasidagi bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi musobaqasida 3-o‘rin sohibi bo‘ldi. U hamisha izlanishdan, harakatdan charchamaydi. Ustozi, karate bo‘yicha sport ustasi, 1-toifali murabbiy Rashid Faxriddinovning shogirdidan ko‘ngli to‘q. Yana yangi marralar sari undaydi. Zero sport barkamollik garovi. Rahmatillo kabi yoshlar esa bizning kelajagimizdir.

Gulbahor MUHITDINOVA