HALOSKOR

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda baland tog‘ etagida dong‘i dunyoga ketgan, sochlari juda uzun, suluvlikda tengsiz bir oddiygina qiz onasi va ukasi kun kechirar ekan. Qiz shu qadar go‘zal va dilbar ekanki, uning nafosatini ko‘rish uchun odamlar tog‘ etagiga erinmay kelar ekanlar. Ammo qiz juda uyatchan va shu bilan birga odobli ekan. Faqatgina uy ishlari uchun zarurat tug‘ilgandagina tashqariga chiqar, qolgan paytlar esa kitob o‘qib, kashta tikib uyda o‘tirar ekan. Ana shunday sokin kunlarning birida qizning kichkina ukasi tog‘dan pastga o‘ynagani tushib qay­tib kelmabdi. Hamma havotir olibdi. Tog‘ etagidagi bir qishloqda kelbatli bir o‘g‘lonning ham qulog‘iga bu voqea chalinibdi. U shu zahotiyoq yo‘lga otlanibdi. Nima bo‘lsa ham qizning ukasini, albatta, topishga o‘ziga va’da beribdi. U roppa-rossa besh kun yurib, quyuq o‘rmon o‘rtasidagi ayiqning uyiga yetib kelibdi. Keyin hech qo‘rqmasdan ayiqdan bolakayni so‘rabdi. Buni eshit­gan ayiq darg‘azab bo‘lib, hamma joyni ostin-ustin qila boshlabdi. O‘g‘lon ayiqni ko‘p va xo‘p asal bilan siylabdi. Ohiri bolakayni halos etibdi. Ular yana besh kun yo‘l yurib, bolakayning uyiga yetib kelibdilar. Go‘zal qiz ukasini haloskoriga aylangan yigitga chuqur minnatdorlik bildiribdi.

Nilufar TOSHPO‘LATOVA,
Uchqo‘rg‘on tumanidagi 26-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi