Ma’rifat dargohlari quchoq ochmoqda

Yosh avlod kamoli, ularning ta’lim-tarbiyasi bugun yurtimizda har qachongidan muhim va ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Buning ifodasini Prezidentimiz tomonidan ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va qulayliklarda ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Bu boradagi izchil islohotlar va amaliy sa’y-harakatlar natijasida butun yurtimizda bo‘lganidek, viloyatimizdagi umumta’lim maktablari ham yangi o‘quv yiliga shay holda ertangi kun egalariga quchoq ochmoqda.
“Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l, omon!” degan ezgu g‘oya asosida hur diyorimiz uzra keng nishonlanadigan istiqlol shodiyonalariga hamohang “Bilimlar kuni” tantanalari va yangi o‘quv yilini o‘g‘il-qizlarimiz ana shunday zamonaviy, ko‘rkam va shinam ilm maskanlarida kutib oladilar.
Namangan shahridagi 48-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ilm maskanlari­ning yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi mavzuiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir jarayonida shahardagi barcha maktablar direktorlari, ustoz-muallimlar mazkur ilm maskanida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik borasida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar. 2191 nafar o‘quvchiga 224 nafar pedagog ta’lim berib kelayotgan ma’rifat dargohidagi sinf xonalari, o‘quv, fan va laboratoriya kabinetlari, sport zalda bo‘lib, ulardagi shart-sharoitlar, tayyorgarlik jarayonlarini ko‘zdan kechirdilar.
Bildirilgan fikr-mulohazalar, ta’kid va e’tiroflarda ilm maskanidagi muazzamlik va muhtashamlik, yangi o‘quv yiliga har jihatdan mukammal va munosib taraddud ko‘rilganini ifoda etdi.

Mardonbek ESONBOYEV