Bolalar va suv

Tabiat bizga in’om etilgan mo‘jizlarning eng ulug‘idir. Unda hayotimizning ajralmas qismini tashkil etuvchi suv, havo, o‘simlik va hayvonot dunyosi, quyosh va oy, yulduzlar qo‘yingki, jamiki ne’matlar jamlangan. Ularning orasida esa barcha mavjudlikning asosini tashkil etuvchi suv o‘ziga xos o‘rin tutadi. Kuni kecha viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazida o‘tkazilgan “Bolalar va suv” respublika ekofestivalining viloyat bosqichida ham aynan dolzarb vazifalar ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra jamoalar suv bilan bog‘liq ekologik rasmlar, ekologik fikrlash, suv va mahalliy muammolar, ekologik sahna ko‘rinishi kabi bir-biridan qiziqarli va shu bilan birga ahamiyatli mavzularda bahs olib bordilar. Tengdoshlarimizning suv va suv bilan bog‘liq ekologik muammo va yutuqlar aks etgan rasmlari, ayniqsa, hakamlar tomonidan alohida e’tirof etildi. Barcha tumandan qatnashgan jamoa a’zolari chinakam g‘oliblik uchun astoydil kurashdilar. Yakunda esa, Norin tumanining “Zilol suv” jamoasi 3-o‘ringa loyiq topildi. Chust tumanining “Tong” jamoasi esa ikkinchi o‘ringa ega bo‘ldi. Mingbuloq tumani vakillarining “Tomchi” jamoasi mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, festivalning respublika bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Ozodbek ERGASHEV,
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 1-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi,
Yangiqo‘rg‘on tumani “Barkamol avlod” bolalar markazi a’zosi