Ma’rifat maskanlarida bilimlar kuni shodiyonalari

"Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida katta tantanalar bilan nishonlangan mamlakatimiz mustaqilligining qutlug‘ 28 yillik to‘yi yangi o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan “Bilimlar kuni” shodiyonalariga ulanib ketdi.
Keng ko‘lamli bunyodkorona islohotlarga hamohang viloyatimizdagi umumta’lim maktablarida ham yangi o‘quv yili yangicha qiyofa, ko‘rku tarovat kasb etgan ilm maskanlarida kutib olindi.
Ma’rifatparvar alloma Mahmudxo‘ja Behbudiy­ning “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir”, degan e’tirofiga monand Prezidentimiz tomonidan ta’lim sohasiga, kelajagimiz egalari kamoliga har qachongidan yuksak darajada e’tibor qaratilmoqda.
Birgina dalil joriy yilgi Investitsiya dasturiga asosan yangi o‘quv yili arafasida viloyatimizdagi 45 ta umumta’lim maktabida qurilish-bunyodkorlik, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bunday bunyodkorliklar natijasida davlat byudjetidan sarflangan 74 milliard 544 ming 500 so‘m mablag‘ hisobiga ilm maskanlari taraqqiyot asriga xos va mos chiroy ochib, ko‘rkamlik va muhtashamlik kasb etdi.
Shunday ko‘rkamlik, shinamlik va qulayliklarga hamohang ilm maskanlari eng so‘nggi rusumdagi jihozlar va vositalar bilan ta’minlanayotgani quvonarli.
Namangan shahridagi 84-umumta’lim maktabi ham “Ta’limga e’tibor - kelajakka e’tibor”, degan ezgu e’tirofga hamohang keng qamrovli bunyodkorliklardan fayzga to‘ldi. Investitsiya dasturi asosida 6 milliard 953 million 926 ming so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga yangi barpo etilgan maktab 315 nafar o‘g‘il-qizga quchoq ochdi.
Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan ilm maskaniga tashrif buyurgan viloyat va Namangan shahri hokimlari, turli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari o‘quvchilarni “Bilimlar kuni” tantanasi bilan qutlab, yuksak marralar sari dadil parvoz qilib, ilm-ma’rifat cho‘qqilarini zabt etishlarida omad va muvaffaqiyatlar tiladilar. Yangi o‘quv yilida viloyati­mizdagi maktablarning 1-sinflariga 50856 nafar o‘quvchi qabul qilinib, ularning barchasiga Prezident sovg‘alari taqdim etildi.
Barcha ilm maskanlarida 2019 - 2020-o‘quv yili boshlanganidan darak berib, “Birinchi qo‘ng‘iroq” sadolari yangrlab, ilk saboqlar “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida mustaqillik darsi bilan boshlandi.

Mardonbek ESONBOYEV