Mustaqillik darsi

O‘z kelajagi va taraqqiyotini o‘ylagan davlat borki, unda yoshlar hayoti va kamoli, ularning ta’lim-tarbiyasi har narsadan muhim va ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizning bugungi odimlarida buning yaqqol ifodasini ko‘rish mumkin. Yangilanishlar, keng ko‘lamli islohotlar va bunyodkorliklarga esa davlatimiz rahbari bosh tashabbuskor bo‘lmoqda.
Yangilanishlar, islohotlar, bunyodkorliklar.
Ana shu mezonlarni o‘zida mujassam etgan sa’y-harakatlar umumta’lim maktablarini taraqqiyot asri ilm maskanlari, degan e’tirofga sazovor etmoqda.
Chortoq tumanidagi 9-umumta’lim maktabi ham ana shunday e’tirofga loyiq ma’rifat dargohlaridan. “Obod qishloq” dasturi doirasida 3 milliard 62 million so‘m mablag‘ sarflangan ilm maskani 831 nafar o‘quvchini o‘z bag‘riga oldi. Ularning 103 nafari maktabga ilk qadam qo‘yayotgan 1-sinf o‘quvchilari bo‘lib, nigohlari quvonchdan porlagan o‘g‘il-qizlarga Prezident sovg‘alari taqdim etildi.
Mazkur ilm maskanidagi “Bilimlar kuni” shodiyonasida ishtirok etgan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Xayrulla Bozarov o‘quvchi-yoshlar va kelajagimiz egalari­ni yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan tabrikladi. Viloyat hokimi 9-sinflarda o‘tgan “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostidagi mustaqillik darsi o‘quvchilarni yaratib berilayotgan imkoniyatlardan ruhlanib, ilm-fan sirlarini puxta egallashga shahdu shijoat bag‘ishladi.

Isroil YUSUPOV