Zamonaviy, qulay va ko‘rkam

Mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan yangilanishlar va islohotlar jarayonida nodavlat ta’lim muassasalari tashkil etish va ular faoliyatini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shunday e’tibor samarasida o‘tgan o‘quv yilida Namangan shahri­ning “Bobur” shoh ko‘chasida “Baby plaza” nomli zamonaviy nodavlat ta’lim muassasasi faoliyat boshlagan edi.
Sifat, samaradorlik va kelajak egalari kamoliga kreativ yondashuv­larni asosiy mezon bilgan mazkur nodavlat ta’lim maskani faoliyat qam­rovi tobora kengayib bormoqda. Xususan, yangi o‘quv yili arafasida Namangan shahrining “Do‘stlik” shoh ko‘chasida “Baby plaza” o‘zining ikkinchi o‘quv muassasasini ham ishga tushirdi. Yoshlarning zamonaviy bilimlarni mukammal va mustahkam egallashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan nodavlat ta’lim muassasasida 70 nafar o‘g‘il-qiz yangi o‘quv yilini boshladilar. Ularga yuksak bilim, katta tajriba va salohiyatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar saboq beradilar. Zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan sinf xonalari, kompyuter xonasi o‘g‘il-qiz­larning rus, arab, ingliz tilini mukammal egallashlariga xizmat qilsa, kutubxona, musiqa saboqlari, mental arifmetika, kurash va raqs to‘garaklari ularni aqliy va ma’naviy kamolot sari yetaklaydi.

O‘z muxbirimiz