Ajdodlarga munosiblar bayrami

Mustaqilligimizning 28 yillik tantanalariga hamohang butun yurtimizda bo‘lganidek Namanganda ham o‘zgacha shukuh, ko‘tarinkilik, bayramona kayfiyat hukmron. Ayniqsa, bu yoshlarning yutuqlarida, nuroniylarning mamnuniyat ufirib turgan ko‘zlarida akslanib turibdi. Istiqlol shodiyonalariga uyg‘un tarzda Namangan “Yoshlar markazi”da o‘tkazilgan “Buyuk ajdodlarga munosib voris bo‘laylik” shio­ri ostidagi festival ham qalblarga bir olam zavq ulashdi. Erta tongdan bayramona bezatilgan markaz­da mingdan ortiq o‘g‘il-qizlar jam bo‘ldilar. Kimdir “Roboto­texnika” tanlovida qatnashgan bo‘lsa, yana kimdir “Matematika fani bilimdoni” bahslarida o‘zini sinab ko‘rdi. Qolaversa, alohida ehtiyojli yoshlarni maxsus avtobuslarda tarixiy maskanlar, jumladan, “Adiblar hiyoboni” hamda “Ibrat maj­muasi”ga sayohatlari uyishtirildi. Bu ularga bo‘lgan g‘amxo‘rlik ifodasi bo‘ldi. Shahrimiz markazida joylashgan “Barkamol avlod” sport majmuasida 5 muhim tashab­bus bo‘yicha tashkil etilgan sport musobaqalari doirasida futbol, basketbol, milliy kurash, voleybol va velosport ustalari aniqlandi. Qolaversa, “Talabalar teatr studiyasi” namoyishlari, Zulfiya­xonim izdoshlari bilan ochiq muloqotlar, uch avlod uchrashuvi kelajak egalarining ozod va obod Vatanga sodiq kamol topishlarida o‘ziga xos ahamiyat kasb etdi. Tadbir davomida “Hokim va yoshlar uchrashuvi” tashkil etilib, tuman va shaharda yuqori natijalarni egallab kelayotgan iqtidorli, ilm-fan, san’at va madaniyat sohasida o‘zini ko‘rsatgan 12 nafar o‘quvchi va ular­ning ustozlari taqdirlandi. Tadbirlar oqshom payti muhtasham “Afsonalar vodiy­si” uzra yangragan kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.

Ghamanoy ISROILOVA