Istiqlol tarannumi

San’at ixlosmandlari qalbini zabt etib, jahon sahnalarida yorqin chiqishlarini baralla namoyish etayotgan oilaviy “Havas” guruhi a’zolari istiqlolimizning 28 yillik shodiyonalari kunlarida Namangan shahridagi 26-sonli “Mehribonlik uyi”da bo‘lib, bolajonlarga ajoyib bayram tuhfasi taqdim etishdi.
Jonli ijrodagi hindcha qo‘shiqlar bolalar qal­bini quvonchga to‘ldirgan bo‘lsa, san’atkorlar tomonidan tuhfa etilgan kitoblar to‘plami o‘g‘il-qizlar uchun munosib bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Ushbu oilaviy san’atkorlarni Siz ham yaxshi tanisangiz kerak. Uychining O‘nhayot qishlog‘idan bo‘lgan yurtdoshimiz, rassom, san’atshunoslik fanlari nomzodi Rustam Ermatov va uning farzandlari - “Havas” guruhi a’zolari - “Nihol” mukofoti sovrindori, ko‘pgina xalqaro va respublika ko‘rik-tanlovlari g‘olibi ham bo‘lishgan. San’atga oshno oila vakillari orasida “Dil Hai Hindustani” xalqaro ko‘rik-tanlovi oltin diski sohibi Qahramon G‘ulomjonov, xalqaro musiqiy tanlovlar g‘oliblari Dostonbek G‘ulomjonov va Robiya G‘ulomjonova singari iste’dodlar bor. Ular ishtirokida “Mehribonlik uyi”da o‘tkazilgan ijodiy uchrashuv betakror onlarni taqdim etgani bilan tarbiyalanuvchilar yodida bir umr qolsa ajab emas.
“Havas” san’at guruhi talantlari ijrosidagi qo‘shiq va raqslar bilan boshlangan tadbir Qahramon G‘ulomjonovning sehrli ovozdagi hindcha qo‘shiqlariga, Dostonbek va Robiya­ning skripka ijrosidagi ajib navolariga ulandi. Bayram shukuhidan zavqlangan bolalar qo‘shiqlarga hamohang raqsga tushishdi. Rustam Ermatovning “Siz, bolajonlar iste’dodu qobiliyat bobida bizdan aslo qolishmas ekansizlar, hali kunlar keladi, Sizning orangizdan dunyo sahnalarini zabt etadigan talantlar chiqadi”, degan e’tofofi bolalargailhom bag‘ishlaydi.
“Havas” guruhi a’zolari “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilariga 200 dan ziyod badiiy kitoblar sovg‘a qildilar. Qahramon G‘ulomjonov o‘zining “Parvoz zavqi” deb nomlangan kitobini ham taqdim etdi.

Elyor ABDULVOHIDOV