SHARAF TIMSOLLARI

Umumxalq bayrami - O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan bayram tantanalari mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lganidek Namangan viloyatining shahar va tumanlarida ham e’zozli kasb egalariga ehtirom ifodasi sifatida zo‘r ko‘tarinkilik va shodu xurramlik bilan nishonlandi.
Ayni paytda viloyatdagi mavjud 705 ta umumta’lim maktablari, 13 ta “Barkamol avlod” bolalar markazi hamda qator maktabdan tashqari muassasalarda 33 ming nafardan ziyod ustoz-muallimlar, murabbiylar yosh avlod kamoli yo‘lida faoliyat olib bormoqdalar.
Ular 500 ming nafarga yaqin kelajagimiz egalari bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni mamlakatimizda tobora keng qamrov va ustuvor ahamiyat kasb etayotgan ta’lim tizimidagi islohotlar, Prezidentimizning sohaga qaratayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklariga hamohang yuksak cho‘qqilar, baland marralar sari dadil yetaklab bormoqdalar.
Kasb bayrami munosabati bilan ana shunday sharaf timsollari bo‘lgan kelajak bunyodkorlarini viloyat markazidagi “Afsonalar vodiysi” bayram sayli va asosiy tantanalarga chorladi.
Viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi ustoz-murabbiylar, yosh avlod kamoli va yurt istiqboli yo‘lida faoliyat olib borayotgan fidoyi kasb egalari Namangan shahridagi muazzam va muhtasham maskan - betakror va maftunkorligi bilan Markaziy Osiyoda yagona deya e’tirof etilayotgan “Afsonalar vo­diysi” istirohat bog‘ida katta shodiyonalar bilan tantana qildilar.
“Afsonalar vodiysi” amfiteatrida viloyatdagi umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, sport maktablarining 1100 nafardan ziyod ustoz-muallimlari, murabbiylari jam bo‘lgan tantanada viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Xayrullo Bozarov Prezidentimizning 1 oktyabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan soha xodimlariga yo‘l­lagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Yuksak taraqqiyot va istiqbol, eng avvalo, ta’lim sohasiga, kelajak avlod kamoliga qaratilayotgan e’tiborga bog‘liq. Shunday e’tibor ifodasi sifatida sohaning ko‘plab fidoyilari va jonkuyarlari kasb bayrami munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga binoan yuksak orden va medallar, unvonlar bilan taqdirlan­dilar. Ular orasida 5 nafar namanganlik maorifchilar ham bor.
Tantanada ana shunday fidoyilar nomlari alohida e’zoz-ehtirom bilan tilga olindi. Tabriklar, qutlovlarda ustoz-muallimlar muborakbod etilib, ularga kelajak avlod kamoli yo‘lidagi sharafli faoliyatda omad va zafarlar tilandi.
23 nafar pedagoglar viloyat hokimining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar.
San’atkorlarning chiqishlari, “Afsonalar vodiysi” uzra tashkil etilgan ko‘rgazmalar namoyishi, fayzli va to‘kin bayram dasturxoni atrofida bildirilgan tilaklarda sharafli kasb egalariga bo‘lgan izhorlar, qutlovlar, qadru ehtirom o‘z ifodasini topdi.
Shunday shodiyonalar viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida ham bo‘lib o‘tdi.

Mardon ESONBOYEV