“Namangan yulduzlari” cho‘qqida

Viloyatimiz o‘quvchilari navbatdagi munosib g‘alabalarni qo‘lga kiritdilar. Bu safar sportchilari­mizdan amaliy va texnik yo‘nalishlar vakillari nufuzli bahslarda shohsupaga ko‘tarildilar. 2019-yil 12 - 25-sentyabr kunlari Qozog‘istonning Baykonur shahrida o‘tkazilgan sportning texnik va amaliy turlariga kiruvchi “Raketamodel” turi bo‘yicha “Baykonur - 2019” jahon kubogi xalqaro musoba­qasida O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati Kengashining “Namangan yulduzlari” o‘quvchilar jamoasi ishtirok etdi. E’tiborli jihati shundaki, vakilla­rimiz 6 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan taqdirla­nib, yoshlar o‘rtasida umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rinni hamda jahon kubogini qo‘lga kiritishdi. Nufuzli musobaqaga O‘zbekiston terma jamoasi bilan birgalikda namanganlik sportchilar viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tashabbusi bilan alohida jamoa sifatida yuborilgan edi. Kutilganidek, ular bildirilgan yuksak ishonchni oqlab, barcha raqiblari­dan ustun keldilar. “Namangan yulduzlari” jamoasi tarkibiga Chust tumanidagi 38-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchilari Samandar Soqiyev, Sidiqjon Yo‘ldoshaliyev, Hayotbek Qurbonaliyev hamda 3-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Otabek Fazliddinovlar jalb etildilar.
Yoshlar o‘rtasida Hayotbek Qurbonaliyev S3 parashyutli raketa uchirish bo‘yicha 1-o‘rinni, S6 lentali raketa uchirish bo‘yicha 2-o‘rinni, kattalar o‘rtasida “Akademik Chelomey - 2019” kubogida S7 sinfi bo‘yicha 2-o‘rinni, yoshlar o‘rtasida “Akademik Chelomey - 2019” kubogida S7 sinfi bo‘yicha 1-o‘rinni, FAI “Korkit-ota - 2019” kubogi Qozog‘iston bosqichida faxrli 1-o‘rinni, Samandar Soqiyev yoshlar o‘rtasida “Baykonur” kubogida S7 sinfi bo‘yicha 1-o‘rinni, Otabek Fazliddinov “Baykonur” kubogida S6 sinfi bo‘yicha 1-o‘rinni, S7 sinfi bo‘yicha 2-o‘rinni, Sidiqjon Yo‘ldoshaliyev FAI “Korkit-ota - 2019” kubogi Qozog‘iston bosqichida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, kattalar o‘rtasida Hayotbek Qurbonaliyev Rossiya va Qozog‘iston kuboklari musobaqasida och­kolar yig‘indisiga asosan 1-o‘rinni egallab, 5 karra jahon chempioni Anatoliy Klochkov kubogi bilan, yoshlar o‘rtasida Samandar Soqiyev Baykonur kubogida S7 sinfi bo‘yicha 1-o‘rinni egallab ko‘p karra jahon chempioni Vladimir Minakov kubogi bilan taqdirlandi.

Maftuna REJABBOYEVA