Pochtadagi “mehr xat”lari

Ertalabdan maktabimiz hovlisiga yig‘ilib olgan o‘g‘il-qizlarni ko‘pligini ko‘rib, hayratlandim. Hamma qanaqadir pochta qutisi yana rang-barang qilib bejirim bezalgan, maxsus konvertlar, xatlar haqida gapirardi. Yaqinroq borib bilsam, maktabimiz pochtasi “mehr xat” lari bilan to‘lgan ekan. Vaziyatni tushunib jilmaygan bo‘ldim. Axir bu hayratlanarli emas-ku. Ustoz va murabbiylari­mizning bayramida bunday maktublarning ko‘payishiga shubham ham yo‘q edi. Anglaganimday, barcha sinflardagi o‘quv­chilar o‘zlarining sevimli ustozlariga ana shunday maktub­lar yozishgandi. Turfa rangdagi bog‘ichlar bilan bezatilgan bunday maktublar­ning barchasida faqat va faqat ezgu tilaklar, bolalarcha beg‘ubor orzu-havaslar bitilgandi. Tanaffus payti o‘zlariga kelgan noodatiy xatlarni mamnuniyat bilan mutolaa qilayotgan direktorimiz Zohid­jon Pattayev hamda ustozlarim Nasibaxon Ergasheva, Ilyos Tuxtaboyev, Xolida Abdullayeva, Bahromjon Jalolov, Nodira Mamasodiqovalarni kuzatib, beixtiyor yuragimda ustoz bo‘lishdek shirin orzu qanot yozdi.
Ilm maskanimizda o‘tkazilgan “Eng yaxshi tilaklar sizlar uchun” shiori ostidagi aksiyada “Orzular oshyoni”, “Hayot daraxti”, “Baxt guldastasi”, “Shukrona aytaman… chunki” kabi bir-biridan mazmunli va qiziqarli loyihalar nafaqat murabbiylari­miz, balki biz uchun ham bayram kayfiyatini ulashdi. Ayniqsa, 8-“D” sinf tomonidan uyushtirilgan “Ustozimga o‘xshasam” loyihasi barchada alohida qiziqish uyg‘otdi. Unda o‘quvchilar ustozlari Manzura Qosimovaga bag‘ishlovlar yo‘lladilar. Shu kuni muassasamiz chinakam quvonchlar oshiyoniga aylanib ketdi.

Azizbek ABDUQAYUMOV,
Namangan shahridagi 64-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi