Maqtanchoq o‘rik

Taniqli bog‘bon Olim otaning bog‘ida bir tup o‘rik daraxti bor edi. U har yili yaxshi hosil berardi, mevalari ko‘pligidan shoxlari yerga tekkudek egilib qolardi.
Odamlar uning shakardek totli mevalarini yeb to‘yishmasdi. Bolalarni qachon qaramang, daraxt ustida ko‘rardingiz.
O‘rikning oldida bir tup nok daraxti ham bo‘lib, unchalik hosil bermasdi. Lekin Olim ota o‘z qo‘li bilan o‘tqazgan bu niholni yaxshi ko‘rar, ke­sib tashlashga qo‘li bormasdi.
Shu zaylda fasllar almashaverdi. Yana bahor kelib, bobo quyosh yerni isita boshladi. Qushlar uzoq o‘lkalardan uchib kelishdi. Atrof ariqdagi suvning sharqirab aytgan qo‘shig‘iga to‘lib ketgan pallada ko‘klamning ilk darakchilari - boychechaklar ko‘z ochdi.
Shoxlarida pista mag‘zidek och zangori kurtaklar bo‘rtib qolgan o‘rik ham qish uyqusidan uyg‘onib, olamga viqor bilan boqdi. Nok daraxtiga qarab maq­tangisi keldi.
- Qalaysan, nok? Uyg‘ondingmi? Bu yil nima qilmoqchisan, yana avvalgidek kam hosil berasanmi?! O‘zing bilasan… Yaxshi bilasanki, mening hosilimdan hamma lazzat oladi. Olim ota ham meni juda yaxshi ko‘radi. Shuning uchun ularni har yilgidan ertaroq gullab, xursand qilmoqchiman. Shunaqa gaplar, nokvoy.
Nok bema’ni g‘ururga berilgan o‘rik­ni ahdidan qaytarmoqchi bo‘ldi:
- Ko‘p maqtanma, o‘rikjon. Hali oldinda bahorning sovuq kunlari bor. O‘zingga ishonib, odamlarning mehridan quruq qolmagin yana, - dedi kuyunib.
O‘rik esa uning gaplarini pisand qilmadi. Nafis kurtaklarini ochib, gullab yubordi. Nok esa hafa bo‘lganidan kurtaklarini yanayam qattiqroq o‘rab oldi.
Haqiqatan, ham daraxtlar uchun gullashga hali erta edi. Nok bashorat qilmagandi, ko‘p yillik hayotiy tajribasiga tayanib, o‘rikni shoshilmaslikka chaqirgandi.
Ko‘p o‘tmay kuchli shamol turib, iliq kunlar keskin sovib ketdi. Shamol o‘rikni go‘yo ermak qilgandek shoxlarini shoxlariga urar, zarbidan gulkosalar xuddi qordek yerga to‘kilardi.
Shamol o‘yini poyoniga yetganda o‘rikning shoxlarida yakkam-dukkam gullari qolgandi, xolos. Oradan vaqt o‘tib, yaydoq shoxlarini zangori barglar qopladi, lekin o‘rikning maqtanchoqligi tufayli singan ko‘ngli to‘lmadi…
Oqila nok daraxti har yilgidek vaqtida gulladi. Mevalarini maromiga yetkazib pishirdi. Odamlar kuzda uning asaldek mevalarini maza qilib yeyishdi, bolalar uni eng sevimli daraxtlari hisoblay boshlashdi. Olim ota ham o‘zi ekkan niholdan mamnun edi.
O‘rikka nima bo‘ldi, deysizmi? U nokdan uyalganidan eng serhosil shoxlarini quritib qo‘ydi. Olim ota ularni kesib tashlagandi, avvalgi ko‘rkam daraxtdan asar qolmadi.

Oydina MUHAMMADALIYEVA,
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 53-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi