MA’NAVIYAT BAYRAMI

21-oktyabr kuni “Dalvlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilinganiga 30 yil to‘ldi.
Shu munosabat bilan Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikaning “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qi­linganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan ham barcha shahar va tumanlarda, umumta’lim maktablari hamda maktabdan tashqari ta’lim muassasalarda ham ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Namangan shahridagi 33-umumta’lim maktabida tashkil etilgan seminar “Faxr et doim qudratli yurt, boy til nasab-nasling bilan” deb nomlandi. Seminarda ona tili­mizning beqiyos imkoniyatlari, uning boyligi va sofligini saqlash, ravnaqi yo‘lida amalga oshirilayotgan amaliy sa’y-harakatlar ifodalangan ochiq darslar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Ochiq darslarda o‘quv­chilarga ona tili va adabiyoti fanlarini puxta va mukammal o‘qitish, darslarini tashkil etishda ilg‘or usullar va zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratildi. Multimedia vositalari, ko‘rgazmalar va slaydlar asosida tashkil etilgan ochiq darslarda Namangan shahridagi 85 ta umumta’lim maktablarining ona tili va adabiyoti fani muallimlari fikr-mulohaza almashib, o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdilar.
Til - millat ko‘zgusi. Uni mukammal o‘rganish, ona tiliga mehr-muhabbat yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida yuksak ma’naviyatli, intellektual salohiyatli insonlar bo‘lib kamol topishida beqiyos imkoniyatlarga ega. Ana shunday ezgu maqsadlarni o‘zida mujassam etgan anjuman adabiy-badiiy kecha bilan davom etdi. O‘quvchi yoshlar ijrosidagi sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiqlar bilan davom etgan tadbir “Til bayrami”, adabiyot bayrami, ma’naviyat bayramiga aylanib ketdi.

Mardon ESONBOYEV