“JAHOLATGA QARSHI - MA’RIFAT”

Kelajagimiz egalarini har jihatdan yetuk - ilmu ma’rifatli, intellektual salohiyatli ulg‘aytirish barobarida ularda zararli illatlar, yot g‘oyalarga qarshi kuchli immunitetni shakllantirish ham muhim ahamiyatga ega.
Zotan, “G‘oyaga qarshi - g‘oya, jaholatga qarshi - ma’rifat bilan” kurashishga qodir, asl vatanparvarlargina ertangi kunga munosib suyanch va tayanch bo‘la oladi.
Ana shu maqsadda har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Jaholatga qarshi - ma’rifat” shiori ostidagi ijodiy tanlovning Namangan viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasidagi an’anaviy tanlovning tuman va shahar bosqichlarida 2100 nafar ishtirokchi kuch sinashgan edi.
Namangan shahridagi “Barkamol avlod” bolalar markazida o‘tkazilgan viloyat bosqichida 36 nafar o‘g‘il-qiz insho, rasm hamda she’riyat yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun bahs olib bordilar. Tanlov yakuniga ko‘ra, insho yo‘nalishida Kosonsoy tumanidagi 52-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Muxlisa Hamidullayeva 1-o‘ringa loyiq topilgan bo‘lsa, shu tumandagi 28-umumta’lim maktabi­ning 10-sinf o‘quvchisi Durdona Muhammadab­dullayeva rasm yo‘nalishida 1-o‘rinni egalladi. She’riyat yo‘nalishida Chust tumanidagi 45-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Mushtariy Muhammadaliyeva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
G‘olib o‘quvchilar tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.

Chamanoy ISROILOVA,
Namangan shahridagi 82-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi