Tilga e’tibor - elga e’tibor

Viloyatimizda xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan Namangan Davlat Universiteti, viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining 1989-yil 21-oktyabrdagi “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining 30 yilligiga bag‘ishlab ana shu mavzuda anjuman o‘tkazildi.
Tadbirda Namangan Davlat universiteti filologiya kafedrasi o‘qituvchisi, dotsent Mahbuba Sobirova, viloyat xalq ta’limi xo­dimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazi filologiya kafedrasi o‘qituvchisi Umida Abdurahimova “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganligining 30 yilligini munosib nishonlash borasida Respublikamizda amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’ruza qildilar.
Ular o‘quvchilarga ona tilimizni chuqur va mukammal o‘rgatish, ularni tilimizga hurmat va uning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish ruhida kamol toptirish, xususan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, milliy adabi­yotimiz va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalariga oshno etishga alohida e’tibor qaratdilar, ta’lim-tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlarida filologiya fanlarining o‘qitilishi hamda o‘qitish sifati samaradorligini yanada yaxshilash anjuman ishtirokchilarining chiqishlarida mujassam bo‘ldi.
Tadbir jarayonida “Til - millatlarni birlashtiruvchi kuch” mavzusida sahna ko‘rinishi, “Ona tilim - millat g‘ururi” mavzusida she’rxonlik va bahru-bayt, “Tilga e’tibor - elga e’tibor” mavzusida rasmlar tanlovi, “Keling mutolaadan zavqlanaylik” mavzuida kitobxonlik (hikoyalar) tanlovi, “Til millat ruxidir” mavzusida ashula hamda o‘qituvchi va o‘quvchilarning ijod namunalari ko‘rgazmalari tanlovi o‘tkazildi.
Anjuman yakunida tadbirda faol ishtirok etgan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari vakillari hamda tanlovlarning g‘olib va faxr­li o‘rin sohiblari viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandilar.

O‘z muxbirimiz