Maktabimizda yangi futbol maydoni

To‘raqo‘rg‘on tumanida, sportga, ayniqsa, uning futbol turiga qiziqish va ishtiyoq katta. Tumandan Saydullo Tursunov, Zahriddin Akbarov, Ilhomjon Rasulov, A’zam Aliyev kabi ko‘plab taniqli va nomdor futbolchilar yetishib chiqqani ham shundan nishona.
Ushbu taniqli futbolchilarning barchasi tuman markazidagi bizning 9-umumta’lim maktabimizda tahsil olishgan. Hozirda 552 nafar o‘quvchi ta’lim olayotgan ilm maskanimiz o‘g‘il-qizlari ham ularga munosib izdosh bo‘lib kamol topishmoqda. O‘quvchilari­mizning sportga qiziqishi baland. Maktabimizda bir necha yillardan buyon sportning basketbol, voleybol, qo‘l to‘pi, yengil atletika, stol tennisi singari o‘nga yaqin turlari bo‘yicha to‘garaklar faoliyat yuritib kelayotgan edi. Prezidentimizning yoshlar kamoli va istiqboliga qaratilgan besh muhim tashabbusi asosida to‘garaklar soni shaxmat, futbol mashg‘ulotlari bilan boyidi.
Sport - jismonan barka­mol­­lik, yetuklik omili. Shuni ang­lagan holda mashg‘ulotlarda astoydil toblanayotgan o‘quvchilarimiz orasidan qator O‘zbekiston chempionati sovrindorlari hamda xalqaro turlar ishtirokchilari yetishib chiqqan. Har kuni sportga, komillikka, yetuklikka oshno ilm dargohimiz o‘quvchilari shu kunlarda munosib tuhfaga ega bo‘ldilar. Ilm maskanimizda saboq olgan tadbirkor, sport ishqibozi To‘raqo‘rg‘on futbol maktabi asoschilaridan biri Zokirjon Ahmadaliyev 200 million so‘mga yaqin o‘z mablag‘i hisobidan maktabimiz o‘quvchilari uchun sun’iy qoplamali futbol maydoni qurib berdi.
- Farzandlarimiz ham shu dargohda o‘qishdi, - deydi tadbirkor. - Endilikda nabiralarimiz tahsil olishmoq­da. Yoshlarning sog‘lom, barkamol yetuk ulg‘ayishi har narsadan muhim. Axir ular ertangi kunimiz tayanchlari. O‘zini kelajakka dahldor deb bilgan inson borki, farzandlari­mizning yetuk kamol topishiga hissa qo‘shishdan chetda turmaydi. O‘quvchilarga ushbu stadionni tuhfa etish orqali men o‘z oldimga qo‘ygan ezgu maq­sadimga erishdim.
Darhaqiqat, ta’kidlab o‘tga­nimizdek, To‘raqo‘rg‘onda mus­tahkam poydevorga ega bo‘lgan futbol maktabi mavjud. Ayni paytda faoliyat olib borayotgan “Odil junior” futbol maktabining odimlari ham shunga hamohang bo‘lib, mazkur maktab Ispaniya, Germaniyadagi mashhur klublar bilan hamkorlik o‘rnatgan. Ispaniyaning “Atletiko Madrid” klubi o‘yinchisi Kiko maktabga tashrif buyurib, bo‘lajak futbolchilarning mashg‘ulotlarini kuzatgan, o‘z tavsiyalarini bergan bo‘lsa, hademay, ya’ni shu yilning noyabr oyida Italiyadan murabbiy va mutaxassislar kelishi kutilmoqda. Xorijlik mutaxassislar hamrohligida 2010 yilda tug‘ilgan o‘smirlar ham kelishadi hamda ular bilan To‘raqo‘rg‘on futbol maktabi o‘quvchilari o‘rtasida turnir o‘tkazish rejalashtirilgan.
Kuni kecha foydalanishga topshirilgan va ochilish marosimi katta sport bayramiga aylanib ketgan yangi futbol maydonida o‘quvchilar shu­ning uchun ham mashq va mashg‘ulotlarda astoydil toblanishmoqda. Bu kabi e’tibor esa, kelajagimiz egalarining sportga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshi­rib, ular orasidan chempionlar yetishib chiqishiga xiz­mat qilmoqda.

Gulnora SAIDXO‘JAYEVA,
maktab direktorining o‘rinbosari