SAODAT KALI

Innovatsiya - taraqqiyot poydevori.Ta’lim tizimidagi yangila­nishlar esa, tabiiyki, sohani sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. Ta’kidlash o‘rinliki, yurtimizning dunyo hamjamiyati bilan o‘rnatgan yaqin hamkorlik aloqalari tufayli ta’lim sohasida xorijiy tillarni o‘rganishga yuksak e’tibor qaratilayotgani hamda ushbu masalaga bag‘ishlangan konferensiyalarni shahar va tumanlarda ham tashkil etilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa jahon ta’lim standartlarini har bir maktabda muvaffaqiyatli qo‘llash imkonini yaratishga xizmat qilmoqda.
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan xalqaro ingliz tili fani o‘qituvchilarining konferensiyasi ham ana shu maqsadga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlardan biri bo‘ldi.
Konferensiyada Fransiya, Yangi Zelandiya, Janubiy Afrika, Keniya, Filippin davlatlaridan tashrif buyurgan, yangi barpo etilayotgan Namangandagi Prezident maktabida faoliyat olib boradigan bir guruh yuqori malakali muta­xassislar mamlakatimizning turli viloyatlaridan kelgan 250 nafardan ortiq oliy ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi o‘qituvchilar uchun mahorat darslari tashkil etdilar.
Xalqaro YUNESKO tashkiloti va Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan konferensiya umumiy o‘rta ta’lim maktablarida jahonning ilg‘or pedagogik tajribalarini ommalashtirishga bag‘ishlandi.
Konferensiya ishtirokchilari, shuningdek, Piter Sitxoul, Martin Kupman, Prudens Ndungutse - Mubiri, Xafida Ney, Shakilla Singx, Rozetum Galos, Xez­bon singari xalqaro tajribaga ega o‘qituvchilardan pedagogik mahorat saboqlarini oldilar.

Shoira SHAROFITDINOVA,
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 3-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi