Namanganda Prezident maktabi ochildi

Davlatimiz rahbari tashabbusi va e’tibori bilan viloyatimizda qisqa fursatda barpo etilgan Prezident maktabi foydalanishga topshirildi.
80 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga qad rostlagan taraqqiyot asri ilm maskanining tantanali ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik, ustoz-muallimlar va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdilar.
Tantanada so‘z olgan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Xayrulla Bozarov, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Alisher Sa’dullayev, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Sarvar Babaxodjayev zamonaviy imkoniyatlar va qulay shart-sharoitlarga ega bo‘lgan muhtasham inshoot sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, Prezident maktabida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritgan iste’dodli o‘quvchilarning ilmu iqtidori, qobiliyati va izlanuvchanligi bilan ilm-ma’rifat cho‘qqilarini zabt etib, ozod va obod O‘zbekiston istiqboliga munosib ulg‘ayishlariga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Qayd etish joizki, Prezident maktab­larida ta’lim jarayoni samarali va sifatli tashkil etilishiga erishish maqsadida Cambridge Universiteti ekspertlari bilan hamkorlikda o‘quv rejalar va dasturlar ishlab chiqilgan.
Namangan shahridagi Prezident maktabiga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni ishga yollash bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi “Teachaway” (Kanada) va “TIC Recruitment” (Buyuk Britaniya) rekruting kompa­niyalari tomonidan 11 nafar chet ellik yuqori malakali mutaxassislar tanlab olindi. Shuningdek, 20 nafar tajribali va malakali mahalliy o‘qituvchi jalb qilingan. Ta’limda STEAM yondashuviga oid darslik va o‘quv qo‘llanmalari Cambridge University Press, Oxford University Press va Collins kabi nufuzli nashriyotlar tomonidan olib kelindi.
144 nafar o‘quvchi tahsil oladigan Namangan shahridagi Prezident maktabi 16 ta elektron doska, 36 ta kom­pyuter to‘plami, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlangan. Muhtasham sport zal va basseyn, 6000 ga yaqin kitob fondiga ega kutubxona o‘quvchilar ixtiyorida.
Shuningdek, iste’dodlar ilm maskanida chet ellik mutaxassislar uchun 15 o‘rinli shinam va zamonaviy mehmonxona ham mavjud.
Dars jarayonlari va mashg‘ulotlar viloyatimizdagi ta’lim muassasalaridan tanlab olingan eng tajribali va malakali o‘qituvchilar bilan birga 11 nafar chet ellik yuqori malakali mutaxassislar tomonidan olib boriladi.

Mardonbek ESONBOYEV