Mehru e’tibordan munavvar olam

Yuksak insonparvarlik va ijtimoiy himoya ustuvorligining yorqin ifodasi sifatida 3-dekabr - Xalqaro nogironlar kuni viloyati­mizda ham keng va munosib nishonlandi.
Muhim sana munosabati bilan mehr, e’tibor, g‘amxo‘rlik va xayrli tashabbuslarga yo‘g‘rilgan tadbirlardan biri To‘raqo‘rg‘on tumani markazidagi madaniyat saroyida tashkil etildi. Viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridagi “Barkamol avlod” bolalar maktablarining iqtidorli o‘quvchi-yoshlari ijod namunalari tasviriy san’at, haykaltaroshlik, hunarmandchilik, tikuvchilik, zardo‘zlik va turli qo‘l mehnati namunalaridan iborat ijodiy ishlari ko‘rgazmasi bilan bezangan madaniyat saroyiga Namangan shahri va tumanlardan 24 nafar uyida yakka tartibda ta’lim olayotgan alohida ehtiyojga ega o‘quvchilar taklif etildi.
Iqtidorli tengdoshlarining ijod namunalari bo‘lgan ko‘rgazmalar ularning turli yo‘nalishlar va hunar sirlarini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirdi. Muhtasham madaniyat koshonasi sahnasida namoyish etilgan bayram dasturi, rang-barang chiqishlar, kuy-qo‘shiq va raqslar bolajonlar qalbini ezgulik, mehr va g‘amxo‘rlik ifodasi yangilig‘ charog‘on etdi.
Viloyat hokimligi, xalq ta’limi boshqarmasi, shahar va tumanlar xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari, turli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hozir bo‘lgan tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimining o‘rinbosari Paxriddin Matkarimov ozod va obod diyorimizdagi yuksak bag‘rikenglik va insonparvar islohotlar, mehr, e’tibor va g‘amxo‘rlik ifodasiga alohida to‘xtalib, o‘g‘il-qizlarga o‘qishda, ilmu fan sirlarini mukammal o‘rganishda omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Ahamiyatlisi, mazkur tadbir mamlakatimiz Kons­titutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan “Konstitutsiya - farovon hayotimiz poydevori” mavzuidagi insholar tanlovi­ning 36 nafar g‘oliblarini taqdirlash marosimi bilan tantanavorlik kasb etdi.
Musiqa, tasviriy san’atning, qo‘shiqchilik kabi turli yo‘nalishlarida o‘z ilmu iqtidorini namoyon etib kelayotgan tadbir ishtirokchilariga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

O‘z muxbirimiz