AXSIKENT: OCHIQ OSMON OSTIDAGI MUZEY

Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Axsikent qadimda Farg‘ona vodiysining sivilizatsiya markazi bo‘lgan”.
Darhaqiqat, Farg‘ona Afrosiyobi va Farg‘ona shaharlari onasi, deya ta’rif berilgan Axsikent juda qadimiy tarixga ega va bu yerda 30 dan ortiq olimlar yashagan. IX asrning 2-yarmi va X asrning boshlarida umumiy yer maydoni 400 gektarni tashkil etgan. Shahar shahriston, ark va robot qismlaridan iborat bo‘lgan. Axsikent miloddan avvalgi 3 asrda barpo etilgan bo‘lib, bu joyning birinchi nomi Ershi bo‘lgan. Undan keyingi nomi V asrdan IX asrgacha Farg‘ona nomi bilan atalgan. Undan keyin Axsikent nomiga o‘zgartirilgan.
Bu muqaddas zaminda o‘ndan ortiq sulola vakillari yashab, hukmronlik qilgan. Jumladan, Kushonlar imperiyasi, keyinchalik Dovon davlati Eftalitlar, Turk hoqonligi, Islom madaniyati, Qoraxoniylar, Somoniylar, G‘azniylar va Temuriylardan Umarshayx Mirzo, Ashtarxoniylardan Imomquli­xon taxtga o‘tirgan davrda zilzila ro‘y berib, Axsi qal’asi vayron bo‘lib, qayta tiklangan.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-oktyabr­dagi 837 sonli qaroriga asosan Axsikent direksiyasi tashkil etilib, ochiq osmon ostidagi muzey sifatida e’tirof qozonayotgan majmuani o‘rganish, tadqiq etish va arxeologik ishlar kun sayin beqiyos ahamiyat kasb etayotgan ayni damlarda Axsikent nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik mehmonlar e’tiborini ham o‘ziga tortmoqda. Betakror turizm maskaniga aylanib bormoqda. Kelajagimiz egala­rini shavkatli o‘tmishimiz, boy tariximiz, ajdodlarimiz merosiga hurmat ruhida kamol toptirish maqsadida tarixiy majmuaga viloyatimiz shahar va tumanlaridagi o‘quvchi-yoshlarning sayohatlarini uyushtirish ham an’anaga aylangan.
YUNESKO tomonidan muhofazaga olingan hamda ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish ishlari olib borilayotgan Axsikentga maktabimiz o‘quvchilarining sayohati ham o‘ziga xos va unutilmas bo‘ldi. Majmua o‘quvchilarimizda bir olam taassurotlar uyg‘otdi. Inshoot tarixi, undagi suv yo‘li, ajdodlarimizning ilmu zakovati, bunyodkorlik salohiyati haqidagi muhim va qiziqarli ma’lumotlar sayohatimizga ham ilmiy, ham ma’naviy-ma’rifiy jihatdan mazmun bag‘ishladi.

Nazokat JO‘RABOYEVA,
Namangan shahridagi 49-umumta’lim mak­tabining tarix fani o‘qituvchisi