“Prezident archasi”

Bayramlar, shodiyonalar, quvonchli kunlarning, ayniqsa, bolajonar uchun zavqu shavqi, sururi o‘zgacha. Shuning uchun ham ular ayyomlarni sog‘inib, intiqlik bilan kutadilar. Ertaklardagidek sarguzashtlarga, unutilmas taassurotlarga boy bo‘lgan Yangi yil esa, hammasidan ham o‘zgacha, maftunkor va betakror.
Mo‘‘jizalar olamiga sayohat, sevimli ertak qahramonlari ishtirokidagi ajo­yibu g‘aroyib tomoshalar, ular qalbidagi Yangi yil zavqu shavqini oshirib, yanada shodliklarga limmo-lim etadi.
Viloyatimizda ham yuksak ko‘tarinkilik va zo‘r tayyorgarlik bilan tashkil etilgan “Prezident archasi” bayram tantanasi bolajonlar uchun ana shunday unutilmas onlarni tuhfa etdi.
Viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan kelgan bolajonlarni viloyat hokimi Xayrullo Bozarov Yangi yil bayrami bilan muborakbod etib, ularga ezgu tilaklar bildirdi. Jamoatchilik vakillari ishtirokida 263 nafar bolajonlarga “Prezident sovg‘alari” topshirildi.
Navoiy nomidagi musiqali va drama teatri sahnasidagi betakror tomoshalar, “Yangi yil ertagi” nomli teatrlashtirilgan bayram dasturi o‘quv­chi-yoshlarni zavqli sarguzashtlarga oshno etdi.
6 nomdagi o‘quv qurollari, 20 nomdagi shirinliklar, yumshoq o‘yinchoq va shaxmatdan iborat “Prezident sovg‘asi”ni olgan bolajonlarni quvnoq she’r-qo‘shiqlar, jozibali raqslar va jo‘shqin lahzalar bilan o‘tgan teatr tomoshasidan so‘ng Markaziy Osi­yoda yagona deya e’tirof etilayotgan afsonaviy maskan – “Afsonalar vodiy­si” o‘ziga chorladi. Muazzam va muhtasham istirohatgohda o‘g‘il-qizlar uchun bayram dastur­xoni bezatildi. Turfa noz-ne’matlar, shirinliklarga to‘liq fayzli bayram dasturxonida davra qurgan bolajonlar rango-rang o‘yinchoqlar, chiroq­lar hamda bezaklar bilan bezatilgan Markaziy Osiyodagi eng baland archa atrofida o‘ynab-quvnab, Yangi yil zavqini tuydilar.

Mardonbek ESONBOYEV