“Sehrli barmoqchalar” qo‘g‘irchoq teatri

Namangan shahridagi 68-umumta’lim maktabida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan yoshlarning jismonan va ma’naviy kamoloti, ularning har jihatdan yetuk ulg‘ayishiga qaratilgan besh muhim tashabbus doirasida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning ma’naviy dunyoqarashini, ijodiy qobiliyati va salohiyatini yuzaga chiqarish, milliy an’analar va umum­insoniy qadriyatlarga hurmat ruhida ulg‘aytirish maqsadida “Sehrli barmoqchalar” teatr to‘garagi tashkil etilgan. Mazkur to‘garakda ayni paytda yuzdan ortiq o‘quvchi-yoshlar teatr san’ati va aktyorlik mahorati borasida toblanmoqdalar. Quvonarlisi shundaki, ushbu teatrda o‘quv yili boshidan buyon o‘ndan ortiq o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara ertak va qissalari ingliz va rus tilida sahnalashtirildi. Ta’lim maskanida yangi yil bayrami munosabati bilan juma va shanba kunlari tushlikkacha va kunning ikkinchi yarmida o‘quvchilarga teatr tomoshalari taqdim etilmoqda. Hozirda 30 dan ortiq ertak qahramonlarining ijrolarini ko‘rsatish imkoniyati bor.
Alohida ta’kidlab o‘tish joizki, teatr tomoshasi uchun o‘yinchoqlar va sahna asarlari qahramonlari bo‘lgan qo‘g‘irchoqlarni ham maktab o‘quvchilari o‘zlari tikmoqdalar, to‘qimoqdalar, yaratmoqdalar.

Yorqinoy ISMONOVA