“Favqulodda vaziyatlar - bolalar tasavvurida”

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Favqulodda vaziyatlar - bolalar tasavvurida” tanlovi o‘quvchi-yoshlarning favqulodda vaziyatlar borasidagi bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi. Bellashuvning dastlabki maktablar bosqichida jami 69 ming nafar o‘quvchi ishtirok etgan edi, tuman-shahar bosqichlari esa 2115 nafardan ziyod o‘qil-qizni qamrab oldi. Musobaqaning viloyat bosqichi 36 nafar eng kuchli iqtidor egalarini sinovdan o‘tkazdi. “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish oyligi” munosabati bilan tashkil etilgan tanlovda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi, xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilari hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdilar. Yosh rassomlar­ning bahsi qizg‘in va murosasiz bo‘ldi. Yakuniy natijalarga ko‘ra Chust tumanidagi 64-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quv­chisi Muxlisa Bozorboyeva 3-o‘ringa loyiq topildi. 2-o‘rin Namangan tumanidagi 8-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Javohir Abdug‘aniyevga nasib etdi. Ijodiy ishidagi o‘ziga hos yondashuvi bilan Kosonsoy tumanidagi 33-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quv­chisi Umid­jon Rahimjonov 1-o‘rin sohibi bo‘ldi. Shuningdek, Pop tumanidagi 34-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Zokirjon Qo‘ldoshev tanlovning “Eng yosh rassom” , Chortoq tumanidagi 42-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Durdona G‘aybullayeva esa “Eng faol o‘quvchi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldilar.
Ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.

Chamanoy ISROILOVA