Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati

Bayram munosabati bilan viloyatimiz bo‘ylab “Harbiy vatanparvarlik oyligi” doirasida harbiy sport musobaqalari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Vatanga xizmat - oliy sao­dat. Yosh avlodni ozod yurtimiz sarhadlari himoyasiga qodir, mard va jasur insonlar qilib kamol toptirish muhim va beqiyos ahamiyatga ega.
Prezidentimizning “O‘z­be­kiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganli­gining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019-yil 13-dekabrdagi F-5529-son Farmoyishi va Xalq ta’limi vazirligining 2019-yil 16- de­kabrdagi 06-103-sonli chora-tadbirlar dasturi, viloyat hokimining 2019-yil 17-dekabrdagi 898-sonli qarorlari aynan shunday ezgu maqsadlar ro‘yobini o‘zida mujassam etgan.
Prezidentimiz farmo­yishiga asosan 2019-yil­ning 15-dekabridan 2020-yil 15-yan­varga qadar “Harbiy vatanparvarlik oyligi” e’lon qilingan edi.
Oylik munosabati bilan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tizimidagi umumta’lim maktablarida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida harbiy sport musobaqalari va tadbirlari o‘tkazildi.
Ushbu musobaqalar kelajagimiz egalarini jismonan toblab, qat’iyat va sabot borasida mahoratlarini oshirayotgan bo‘lsa, keng qamrovli tadbirlar ularning ilmu salohiyatini yuksaltirmoqda.
Pop, Norin tumanlari­dagi umumiy o‘rta ta’lim mak­tablarining 10 - 11-sinf o‘quv­chilari ishtirokida “Harbiy vatanparvarlik oyligi” doirasida “Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati!” shiori ostida Pop tumani, G‘urumsaroy qishlog‘ida joylashgan harbiy qismlarga “Ochiq eshik­lar kuni” tarzida ekskursiyalar tashkil etildi. “Eng buyuk jasorat - ma’naviy jasoratdir”, “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni”, mavzudagi tadbirlar, “Temurbeklar” harbiy sport o‘yinlari, estafetalar va intellektual o‘yinlar, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanida o‘quv qurollarini ishlatilishi bo‘yicha seminar o‘tkazildi. Tadbirda 930 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Yoshlarni ozod va mustaqil yurtimiz ertasiga munosib mard va jasur o‘g‘lonlar qilib ulg‘aytirishga qaratilgan “Harbiy vatanparvarlik oyligi” doirasidagi tadbirlar viloyatimizning barcha shahar va tumanlari bo‘ylab qizg‘in davom etmoqda.

Mardonbek ESONBOYEV