Ma’naviyat ko‘zgusi

Tadqiqotlarga qaraganda, 10 daqiqalik mutolaa asabiylik­ni ikki baravar kamaytirar ekan. Kitob o‘qiganlar madaniy va ma`rifiy tadbirlarda boshqalardan ko’ra faol ishtirok etar ekan. Muntazam kitob o‘qish ma’lumotlarni tushunish va eslab qolishga yordam beradi.
Ayniqsa, chet tillarini o‘rganishda bu qo‘l keladi. Ota-onalar farzandlari­ga kitob o‘qib berar ekan, ularning o‘rtasida shunday mustahkam rishtalar paydo bo‘ladiki, buni birgalikda televizor ko‘rish yoki boshqa ko‘ngilochar tadbirlarni tomosha qilish bilan solishtirib bo‘lmaydi, deydi ruhshunoslar.
Darhaqiqat, kitob eng sodiq do‘st, dono maslahatchi. Har bir inson kamolida kitobning o‘rni beqiyos. Kitob bilan uyda o‘tirib ham butun olamga sayohat qilish mumkin. Maktabimizda ana shu maqsadlarni ko’zlab kitob­xonlik targ’ibotiga bag’ishlangan ma’naviyat kechasi o’tkazildi. Tadbirda kitob haqida aytilgan she`rlar, ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari yig’ilgan mehmonlarni xushnud qildi.
2-sinf o‘quvchilaridan Jahongir Rahimjonov, Ozodbek Tohirjonov, Asadbek Xoliqov, Mahliyo Nuriddinova, Jayrona Alijonovalarning chiqishlari barchada katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, ota-onalar homiyligida sinf kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilindi.

Rohatoy TOBAROVA,
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 23-umumta`lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi