INTELLEKTLAR TANLOVI

Yoshlarning iste’dodini yuzaga chiqarish, ularni ilm cho’qqilarini zabt etishga ruhlantirishga qaratilgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9 - 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida umumta’lim fanlari bo‘yicha olimpiada­ning II tuman (shahar) bosqichi o‘tkazildi.
Olimpiadani tashkil etishda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” asosida, Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktyabrdagi “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi 226-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Xalq ta’limi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2009-yil 1-maydagi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan hamda Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 2-iyunda “Akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha Respublika olimpiadalarini o‘tkazish va xalqaro fan olimpiadalari ishtirokchilarini tanlash to‘g‘risidagi Nizom talablari asosida puxta tayyorgarlik ko‘rilgani jarayonlarda yaqqol aks etdi.
Xolislik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida viloyatning barcha hududlarida tashkil etilgan umumta’lim fanlari olimpiadasi II-bosqichining ochilish marosimi­da ishtirok etgan hududiy hokimliklar, mahalla, jamoatchilik vakillari hamda ota-onalar o‘quvchi-yoshlarga navbatdagi bosqichga muvaffaqiyatli o‘tishda omad tiladilar.
Fan olimpidasining birin­chi bosqichida viloyatdagi jami 39165 nafar 9-sinf o‘quvchilaridan 9206 nafari, 10-sinflarda jami 36816 nafar o‘quvchidan 6207 nafari, 11-sinfda jami 37804 nafar o‘quvchidan 6202 nafar bilimdonlar g‘olib bo’lib, ikkinchi bosqichda ishtirok etish huquqini ko‘lga kiritgan edilar.

Xusniddin SHODIXANOV,
VXTBda maktablar bo‘limi boshlig‘i