Kumush qishda qizg‘in sayohat

Prezidentimiz belgilab bergan 5 muhim tashabbus ijro­sini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar qishki ta’til kunlarida ham keng quloch yozdi.
Ta’tilni maroqli va unutilmas tarzda o‘tkazishga ahd qilgan Namangan shahridagi 49-umumta’lim maktabi­ning 1-sinf o‘quvchilari viloyat davlat tarixi va madaniyati muzeyi hamda Bolalar kutubxonasiga sayohat uyushtirdilar. Sinf rahbari Qunduzoy Ismanboyeva hamrohligida tashkil etilgan sayohat bolajonlarda bir olam taassurot qoldirdi. Moziy­goh va kutubxonaga sayohat o‘quvchilardagi vatanparvarlik va ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘usini shakllantirib, ular qal­bida kitobga bo‘lgan mehr-muhabbatni yuksaltirdi.
Bolalar kutubxonasi vakillari o‘g‘il-qizlarni samimiy kutib olib, ziyo maskani faoliyati, ushbu dargohdagi badiiy adabiyotlar, ertak va she’riy kitoblar bilan tanishtirdilar. Tadbir yakunida bolajonlarga sovg‘alar taqdim etdilar.

Qunduzoy ISMONBOYEVA,
Namangan shahridagi 49-DIUMning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi