Umumta’lim maktablarida - 5 tashabbus

"Namangan shahridagi 84-umumta’lim maktabida “Umumta’lim maktablarida - 5 tashabbus” festivali doirasida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida g‘olib bo‘lgan maktablar jamoalarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
“Umumta’lim maktabla­rida - 5 tashabbus” festivali Xalq ta’limi vazirligi tashab­busi bilan 2019-yilning oktyabr-noyabr oylarida o‘tkazilgan edi. G‘oliblarni aniqlashda ijtimoiy tarmoqqa joylangan videoroliklarning ijtimoiy ahamiyatliligi, mazmunan serqirraligi, yoshlar hayoti va besh tashabbus bilan qay darajada uyg‘un ekanligi baholashning bosh mezoni bo‘ldi. Tarmoqqa taqdim etilgan videoroliklar orasidan eng ko‘p manzur bo‘ldi (layk olgan) belgisi bilan baholangan va eng ko‘p ulashilganlari Ishchi guruhi tomonidan Nizom talablari bo‘yicha o‘nta mezon bo‘yicha baholanib, g‘oliblar aniqlandi.
Raqamlar asosida izohlaydigan bo‘lsak, mazkur tanlov­da ijtimoiy tarmoqlar orqali 17 mingdan ortiq guruhlar ishtirok etgan bo‘lib, ular tomonidan tarmoqqa 6165 ta videorolik joylashtirilgan. Ushbu videoroliklarga jamoatchilik, ya’ni ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan 10221 ta izoh qoldirilib, 96215 ta manzur bo‘lganligini ifodalovchi munosabat (layk bosilgan) bildirilgan.
Festival-tanlov yakunla­riga ko‘ra vodiy viloyatlari, ya’ni Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining har biridan 15 tadan, jami 45 ta umumta’lim maktabi tanlov g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
G‘oliblarni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanada ishtirok etgan Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Paxriddin Matkarimov barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirish barobarida, g‘oliblarni muvaffaqiyat bilan qutladi. G‘olib maktab jamoalariga vazirlik­ning diplov va qimmatbaho mukofotlari taqdim etildi.
Namangan shahridagi 15-umumta’lim maktabi jamoasi, ya’ni o‘qituvchi va o‘quvchilari mazkur tanlovga har jihatdan yangicha yondashib, beshta yo‘nalishning har biri bo‘yicha yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. Ularning tashabbuslari, ishtiroki e’tirofi hamda amaliy jarayonlar bilan yaqindan tanishish uchun vazir o‘rinbosari mazkur maktabda bo‘lib, ilm maskani jamoasiga shu joyning o‘zida sovg‘alar topshirib, taqdirladi. O‘z navbatida, maktabning besh tashabbus doirasidagi faoliyati va ta’lim jarayonlari bilan yaqindan tanishildi.
Tanlovning ahamiyati va samarasi yana shunisi bilan e’tiborliki, respublikamiz bo‘ylab, mazkur jarayonlarda faol ishtirok etib, yuksak natijalarni ko‘rsatgan maktablarga vazirlik tomonidan noutbuk, rangli printerlar, robototexnika, sartaroshlik, musiqa va sport jihozlari, tikuv dastgohlari, kitoblar va besh tashabbus doirasidagi faoliyatni yanada ravnaq toptirish maqsadida zarur vositalar sovg‘a qilindi.

Mardonbek ESONBOYEV