Sportchi o‘quvchilarimiz chempion

Joriy yilning 24 – 26-yanvar kunlari Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida mamlakatimizdagi umumta’lim maktablarining 2004 – 2006-yillarda tug‘ilgan o‘quvchilari o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha respublika birinchiligi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Qizg‘in bahslar, murosasiz kurashlar va keskin bellashuvlar bilan o‘tgan birinchilikda Namangan viloyati sportchi-o‘quvchilari har jihatdan barcha tengdoshlaridan ustun ekanliklarini amalda isbotlab, umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rinni egallab, mamlakat chempionligini qo‘lga kiritishdi.
Musobaqada yurtimizning barcha viloyatlaridan jami 56 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Viloyatimiz sharafini munosib himoya qilgan yosh tennischilar - Chust tumanidagi 2-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Abdurauf Ahmadov hamda 64-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Ozodbek Qodi­rov juftlik bahsida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdilar. Shuningdek, Chust tumanidagi 4-umumta’lim maktabi o‘quv­chisi Shahzoda Erkinjanova hamda 69-umumta’lim maktabi o‘quv­chisi Jannatoy Madaliyeva qizlar ishtirokidagi juftlik bahslarida 1-o‘rinni va yakkalik bahslarida Shahzoda Erkinjanova mutlaq g‘olib bo‘lib, shohsupadan o‘rin oldilar.
Yakkalik bahslaridagi 3-o‘rin Jannatoy Madaliyevaga nasib etdi.
Umidli, yosh iste’dodlarning muvaffaqiyatli ishtiroki viloyatimiz jamoasi­ning g‘oliblik shohsupasini zabt etishini ta’minladi.
G‘olib va sovrindorlar Xalq ta’limi vazirligining diplom va medallari, kubok va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Isroil YUSUPOV