Farovon hayot - mukammal tarbiyadan boshlanadi

Kelajagimiz egalarini har jihatdan komil, barkamol va ma’naviyatli qilib ulg‘aytirishda katta hayot tajri­basi va ibratga loyiq, mazmunli faoliyat yo‘lini bosib o‘tgan nuroniy otaxon-onaxonlarimizning, faxriy­larning o‘rni va roli muhim. Ularning o‘gitlari jamiyat hayotida, yoshlar kamolida doim ulkan ahamiyat kasb etgan.
1746 nafar o‘g‘il-qizni o‘z bag‘riga olgan Namangan shahridagi 11-umumta’lim maktabida ana shunday jamiyat hayoti, el-yurt farovonligi yo‘lida ibratli faoliyat davrini bosib o‘tgan nuroniylar ishtirokida tadbir o‘tkazildi.
“Farovon hayot - mukammal tarbiyadan boshlanadi” shiori ostida o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda odob-axloq, ta’lim-tarbiya, insoniy fazilatlar bilan bog‘liq dolzarb masalalar kun tartibida bo‘ldi.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Faxriylarini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat Kengashi raisi Ikromxon Najmiddinov, shuningdek barcha shahar-tuman raislari, qolaversa, viloyat “Mahalla” xayriya jamg‘armasi mutasaddilari, Namangan shahar hokimligi vakillari ta’lim maskanidagi 10 - 11-sinf o‘quvchilari bilan uchrashuv-muloqotlar olib bordilar.
Faxriylar va jamoatchilik vakillari ilm dargohida samarali faoliyat yuritayotgan “Buvijonlar maktabi”, “Ranglar jilosi” to‘garaklari hamda sportning turli yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan o‘quvchilar bilan yaqindan tanishdilar. Qizg‘in savol-javoblar bilan o‘tgan uchrashuv o‘quvchilarda katta taassu­rot qoldirish barobarida ular qalbidagi insoniy va ma’naviy fazilatlar yanada yuksalishiga xizmat qildi.

Chamanoy ISROILOVA