Tarixiy raqamlar siri

Sinfimizda deyarli hamma tarix faniga qiziqadi. Shu sababli bo‘lsa kerak darslarga avvaldan tayyorgarlik ko‘rib kelishadi. Kuni kecha maktabimizda fan oyligi munosabati bilan o‘tkazilgan tuman seminarida ham ilm maskanimizning deyarli barcha sinflari faol ishtirok etdilar. 6-“A” sinf o‘quvchilari bilan “Zardushtiylik dinining vujudga kelishi”, 8-“A” sinf o‘g‘il-qizlari bilan esa “O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi” mavzularida qiziqarli ochiq darslar tashkil etildi. Unda tumanimizning 20 dan ortiq umumta’lim maktablaridan kuzatuv­chilar ishtirok etdilar. Darslar jarayonida faol qatnashgan 6-sinf o‘quvchilari Mashhura Muhammadjonova, Marjona Akramova, Doniyor Qayumov, Nurizar Ergasheva hamda 8-sinf o‘quvchilari Mushtariy Tohirjonova, Hikmatillo Yusufxonov, Mirzohir Mirqosimov kabi o‘quvchilar tarix va huquq faniga qanchalik qiziqishlarini namoyish etdilar. Huquq fani ustozimiz Nodirbek Hasanov tomonidan tashkil etilgan “Zakovat” bahsida qiziqarli savollar o‘quvchilarni yanada kuchliroq o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirdi. “Raqamlar siri” bellashuvida esa tarixiy voqeliklar yana bir bor esga olindi. Mazkur seminar ilm maskanimizning barcha o‘quvchilari uchun yangi bilimlar eshigini ochdi.

Marjona USMONOVA,
Kosonsoy tumanidagi 46-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi