MA’NAVIYAT QUYOSHI

Ulug‘ mutafakkir bobomiz tavalludining 579 yilligi nafaqat yurtimizda, balki butun jahon miqyosida munosib nishonlandi. Sana munosabati bilan Namanganda ham ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy-badiiy kechalar, anjumanlar keng quloch yozdi. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq viloyatning barcha shahar va tumanlarida umumta’lim maktablari hamda maktabdan tashqari muassasa­larda Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tadbirlar, tantanalar o‘tkazildi.
Namangan shahridagi 64-umumta’lim maktabida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir mutafakkir ajdodimiz hayotining bolalik davrlaridan toki ibratli umr yo‘li va ijodini, jahon ilm-fani, madaniyati va ma’naviyati xazina­siga qo‘shgan hissasini o‘zida mujassam etdi. Tadbirda ishtirok etgan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, turli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yozuvchi va shoirlar, Shahrimizdagi barcha umumta’lim maktablarining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan seminar mashg‘ulotlar, ochiq darslarni kuzatdilar. Ularda o‘quvchilarning ishtiroki, ona tili va adabiyoti fanlarini qay darajada o‘qib-o‘rganayotganliklari, ayniqsa, yoshlarning Navoiy asarlariga mehr va ehtiromi katta taassurot qoldirdi.
Ochiq dars va seminarlarga ulangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda o‘quvchilar Alisher Navoiy ruboiylari, g‘azallaridan yod aytdilar, asarlari asosida sahnalashtirilgan dasturlar namoyish etdilar. Navoiy g‘azallari bilan aytilgan qo‘shiqlar tadbirga yanada tantanavorlik bag‘ishladi.
O‘quvchi-yoshlarning chiqishlari­da Alisher Navoiyning ibratli hayot yo‘li, favqulodda iste’dodi, xususan, 5 yoshida Fariduddin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarini yod olgani, 7 - 8 yoshidan g‘azallar yozgani, o‘smirlik davridayoq 50 ming baytdan ortiq she’r va g‘azallarni yod bilgani, 16 ta adabiy janrda ijod qilgan bobomizning 51 ming misrani jamlagan besh dostondan iborat “Hamsa” asari dunyoning 64 tili­ga tarjima qilingani kabi ma’lumotlar o‘z ifodasini topdi.
Adabiyot bayrami, ma’naviyat anjumaniga aylanib ketgan tadbir kelajagimiz egalarini buyuk ajdodlarga munosib ilmu ma’rifatli bo‘lib ulg‘ayishga ruhlantirdi.

Mardonbek ESONBOYEV