“Kamalak” yulduzlari”

Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan har yili an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan “Kamalak” yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivali o‘quvchi-yoshlarni ilmu iste’dod cho‘qqilari sari yetaklamoqda.
Iqtidorli bolalarni aniqlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iste’dod va mahoratlarini namoyon qilishlari uchun imkoniyatlar yaratib berish, yosh avlodning ma’naviy olamini boyitish, ilm-fan va san’at sirlarini egallashga ruhlan­tirish va intilishlarini rag‘batlantirishga qaratilgan tanlov 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni qamrab olgan. Tanlov O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi homiyligida Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Respublika Badiiy akademiyasi, Bastakorlar uyushmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi hamkorligida o‘tkazib kelinmoqda.
Iqtidorlarni yuzaga chiqarish, iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlanti­rishga qaratilgan “Kamalak” yulduzlari” Respublika bolalar ijodiyoti festivalining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Festivalning shahar va tumanlar bosqichlari 3156 nafarga yaqin o‘quvchilarni qamrab olgan bo‘lsa, viloyat bosqichida undan muvaffaqiyatli o‘tgan 256 nafar o‘g‘il-qiz ishtirok etdi.
Talantlar, iqtidorlar va iste’dodlar bahsi tafakkur va zukkolik bobidagi qizg‘in bellashuvlarga boy bo‘lib, klassika, vokal, xalq cholg‘ulari, raqs, tasviriy va amaliy san’at, nasr va nazm yo‘nalishlari bo‘yicha bahslarda ishtirokchi o‘quvchi-yoshlar musiqa va san’at, badiiy ijod borasidagi iqtidor va qobiliyatlarini namoyon etdilar. Ularning chiqishlarida jozibadorlik, betakrorlik, olamni ranglar uyg‘unligida ifodalash, ozod va obod yurt vasfi, Vatanni sevib-ardoqlash, unga bo‘lgan mehr-muhabbat tarannumi o‘z ifodasini topdi.
Nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan xolislik, shaffoflik va adolat mezonlariga tayangan holda 6 ta yo‘nalishda jami 18 nafar g‘oliblar aniqlanib, tanlovning res­publika bosqichiga yo‘llanma oldilar. Tanlovning mamlakat bosqichi shu yilning mart oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

Isroil YUSUPOV