Navoiy asarlari bilimdonlari

G‘azal mulkining sultoni, o‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligi munosabati bilan butun yurtimiz bo‘ylab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlar, nazm va navo kechalari bo‘lib o‘tdi.
Dastavval ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn shaklda, o‘quvchilar­ning Navoiy shoh bayt­lari, g‘azal va ruboiylari­ning videoyozuvli ijrosi borasidagi maho­rati sinovi bilan boshlangan “Bolalar navoiy­xonlik kechasi”ning yakuniy bosqichi eng iqtidorli, eng iste’dodli bo‘lgan Navoiy asarlari bilimdonlarini poytaxtimizga chorladi.
Dastlabki sinovlar yurtimizning barcha hududlaridagi yuz­lab o‘quvchilar o‘rtasida kechgan bo‘lsa, saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 35 nafar iste’dodlar qatorida Chortoq tumanidagi 53-DIUMning 5-sinf o‘quvchisi Boburshoh Akramov hamda shu maktabning 6-sinf o‘quv­chisi Aziza Muhammadaliyeva ham ishtirok etib, 10 – 12 yoshlilar o‘rtasida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar.
Shoh baytlar, tezkor savol-javob, ixti­yoriy g‘azalni ingliz tilida o‘qish kabi shartlarni mohirlik bilan ijro etgan yosh talantlar I darajali diplom, Navoiy asarlari to‘plami, statuetka va poytaxtning eng diqqatga sazovor joylariga sayohatlar yo‘llanmalari bilan taqdirlandilar.

Chamanoy ISROILOVA