Iste’dodlar - istiqbol bunyodkorlari

Bugun o‘sib-ulg‘ayayotgan, kelajak sari odimlayotgan yoshlar ertangi kun egalari, istiqbolimiz bunyodkorlaridir. Shuning uchun ham ularning har jihatdan yetuk kamoliga yuksak e’tibor qaratilib, iqtidor va qobiliyatlarini yuzaga chiqarish uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan besh muhim tashabbus ham aynan yoshlarning ilmu iqtidori, iste’dodi va qobiliyatini yuzaga chiqarish, ularni har jihatdan yetuk ulg’aytirishdek ezgu maqsadlarga qaratilgan.
Besh tashabbus ijrosi doirasida butun yurtimizda bo‘lganidek, Namangan viloyatida ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar, amaliy sa’y-harakatlar olib boril­moqda.
Viloyat hokimi bilan o‘tkazilgan navbatdagi “Hokim va yoshlar” uchrashuvi ham Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan besh muhim tashab­bus doirasida tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv-muloqotda viloyati­mizning barcha shahar va tumanlaridan 385 nafar o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdilar. Unda viloyat hokimi, O‘zbekis­ton Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Xayrullo Bozarov yoshlarning iqtidor va qobiliyatini yuzaga chiqarish har jihatdan e’tiborda ekanligini ta’kidlab, bu boradagi amaliy sa’y-harakatlar natijalariga to’xtaldi. Prezidentimizning yoshlarni ma’naviy yetuklik va komillik sari yetaklash, ularning musiqa va san’at yo‘nalishi bo‘yicha iqtidor va qobiliyatini yuksaltirish borasida ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklari amaliy ishlarga qanot bag‘ishlayotganini aytib o‘tdi.
“Hokim va yoshlar” uchrashuvida viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi umumta’lim maktablari, bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilariga besh tashabbus doirasida ajratilgan 1 milliard 300 million so‘mlik zamonaviy musiqa asbob-anjomlari­ning ilk taqdimoti tarzida katta qismi taqdim etildi. Kelajagimiz egalarining ilmu-iqtidori, musiqa va san’at bobidagi iste’dodi va qobiliyatini yuzaga chiqarishdek ezgu maqsadga xizmat qiladigan musiqa anjomlarini shahar va tumanlar xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari tantanali tarzda qabul qilib oldilar.
Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik o‘quvchi-yoshlarga yanada ishtiyoq bag‘ishlab, faollikka undadi. O‘nlab yoshlar viloyat hokimiga eng muhim va dolzarb takliflar, tashabbuslarni bildirdilar.
“Hokim va yoshlar” uchrashuvi o‘quv­chilarni ilmu iqtidor va iste’dod borasida yangi marralar, munosib natijalarni egallashga ruhlantirdi.

Mardonbek ESONBOYEV