Maktablarda “5 tashabbus navro‘zda” festival-tanlovi o‘tkaziladi

O‘zbekis­ton Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning fevral-mart oylari­da “5 tashabbus Navro‘zda” festival-tanlovi o‘tkaziladi.
Mazkur festival-tanlov O‘zbekis­ton Respublikasi Prezidentining o‘quvchi-yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot-texnologiya­lari, kitob o‘qishga qiziqishni oshi­rish, o‘quvchi-qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshi­rish maqsadida tashkil etilmoqda.
Festival-tanlov 2019-yilning ok­tyabr-noyabr oylarida o‘tkazilgan “Umumta’lim maktablarida 5 tashab­bus” festivalining mantiqiy davomidir.
Ushbu festival-tanlovni haftalik shaklida tashkil etilishi belgilangan bo‘lib, uning doirasida 6 ta tanlov va festivallar o‘tkaziladi. Jumladan:
a) “Vatanni madh etish oliy sao­dat” shiori ostida Vatan va bahor haqidagi qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovi;
b) “Yoshlik raqsi” ko‘rik-tanlovi;
v) “Bolalar spartakiadasi” milliy va harakatli sport o‘yinlari;
g) “Yosh kitobxonlar” ko‘rik-tanlovi;
d) “Qizlarjon” ko‘rik-tanlovi;
e) “Obod maktab” ekologik tanlovi.
Festival yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagi tartibda tashkillashtiriladi:
a) “Vatanni madh etish oliy sao­dat” shiori ostida xor jamoa­lari ijrosi ko‘rik-tanlovi joriy yil­ning 25 fevral kunidan boshlab, xalq ta’limi tizimidagi umumta’lim maktablari, “Mehribonlik uylari”
va imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab,
maktab-internatlari o‘rtasida o‘tkaziladi. Ko‘rik-tanlovda o‘quvchilar
va tarbiyalanuvchilardan tashkil topgan xor jamoalari tomonidan “Vatan va bahor” haqidagi qo‘shiqlar ijro etiladi.
b) “Yoshlik raqsi” ko‘rik-tanlovi joriy yilning 1-martidan boshlab tashkil etiladi, unda yuqori sinf o‘quv­chilaridan iborat umumta’lim maktab­lari raqs to‘garaklari a’zolarining 6 nafari (3 nafar o‘g‘il bola, 3 nafar qiz bola) qatnashadi. Ko‘rik-tanlov nomoddiy madaniy merosni asrashga qaratilgan bo‘lib, ushbu bosqichda jamoalar “Andijon polkasi”ga raqs tushish bo‘yicha bellashadilar. Ko‘rik-tanlovning respublika bosqichi Andijon viloyati hokimligi tashabbusi bilan Andijon viloyatida o‘tkaziladi.
v) “Bolalar spartakiadasi” milliy va harakatli sport o‘yinlari joriy yilning 25 fevral kunidan boshlab, umumta’lim maktablarining
7-11-sinflar o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etiladi. “Bolalar spartakiadasi” “Ovchilar o‘yini”, “Arqon tortish”, “O‘rin almashish”, “Kim mergan” kabi milliy va harakatli sport o‘yinlari bo‘yicha o‘tkaziladi.
g) “Yosh kitobxonlar” ko‘rik-­tanlovi joriy yilning 1-mart kunidan boshlab, Respublika “Bolalar kutubxonasi”ning facebook.com ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida savollar berib boriladi. Ko‘rik-tanlov shartiga ko‘ra 60 nomdagi badiiy ada­biyotlar mutolaa uchun uyga vazifa qilib beriladi hamda badiiy adabiyotlar asosida tuzilgan savollar bo‘yicha eng tez va to‘g‘ri javob bergan, eng faol qatnashgan maktab jamoalari (o‘quvchilar va o‘qituvchilar (kutubxonachi) g‘olib deb topiladi.
d) “Qizlarjon” ko‘rik-tanloviga joriy yilning 25-fevral kunidan boshlab start beriladi. Ko‘rik-tanlovda 5 ta o‘quvchi-qizlar 5 tashabbusning har bir yo‘nalishidan iborat shartlari ya’ni, “Men iste’dodman”, “Sport malikasi”, “Texno tashabbus”, “Kitobning do‘stiman”, “Daromadli osh­xona” bo‘yicha bellashadilar.
e) “Obod maktab” ekologik tanlovida 5 ta loyiha va aksiyalar tashkil etiladi. Joriy yilning 1 mart kunidan boshlab maktab obodonlashtiriladi hamda o‘quvchilar mavjud daraxtlarga shakl berib parvarishlaydilar. Shuningdek, mazkur tanlov doirasida “Mehrli gullar”, “O‘quvchilar bog‘i” loyihalari, “Tabiatning do‘stiman” aksiyasi, “Hashar navolari” media tanlovi o‘tkaziladi.
Mazkur festivalda hududlarda jami 2,6 mln. nafar o‘quvchi-yoshlar ishtirok etishi rejalashtirilmoqda. Res­publika bosqichida 700 nafarga yaqin o‘quvchi va o‘qituvchilar g‘oliblik uchun kurashadi hamda festival yakuni bo‘yicha 162 nafar o‘quvchi, o‘qituvchilar, g‘olib va sovrindor bo‘ladilar.
G‘olib bo‘lgan o‘quvchi, o‘qituv­chilar hamda ta’lim muassasalariga 30 nomga yaqin musiqa jihozlari, sport inventarlari, kompyuter texnikasi, media jihozlar, badiiy adabi­yotlar va oshxona anjomlari sovg‘a qilinadi.
Festival jarayonlari haqidagi ma’lumotlarni facebook.com va telegram ijtimoiy tarmoqlarida tashkil etilgan 5 tashabbus_maktabda guruhi va kanalida kuzatib borish imkoniyati mavjud.

Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati