Navoiyga ta’zim

Hazrat Alisher Navoiyning tavallud ayyomi nafaqat turkiy ellar, balki, butun dunyo ahli uchun adabiyot bayrami, desak mubolag‘a emas. Boisi, buyuk mutafakkir o‘zining ijodi, insoniy g‘oyalari bilan butun dunyoda ezgulikni, insonparvarlikni, yaxshilikni tarannum etgan. Shu bois ham 5 asrdan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da Navoiy asarlari kitobxonlar qalbiga ziyo ulashishda davom etmoqda. Bu Namangan tumanidagi 22-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan “Navoiy yodi ila yashaymiz mudom” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ham o‘z ifodasini topdi. Tadbirda dastavval Navoiy ijodidagi o‘ziga xoslik dars jara­yonlari orqali o‘quvchilarga tushuntirildi. Xususan, shoir asarlaridagi ishq, iymon, odob-axloq, saxovat, vafo, vatanparvarlik kabi tushunchalar teran sharhlandi.
Tadbirda ta’lim muassasasi o‘quvchilari tomonidan buyuk bobo­kalonimiz siymosi, hikmatli so‘zlari, ijodi va faoliyati aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Prezidentimizning 5 muhim tashab­busi ijrosi doirasida tashkil etilgan turli sport o‘yinlari, na­fis san’atga oshno qizlarning chiqishlari, mohir rassom o‘quvchilar chizgan Navoiy siymosi suratlari tadbir ishtirokchilariga manzur bo‘ldi.

Dilnoza MO‘MINOVA,
Namangan tumanidagi 22-umumta’lim maktabining o‘qituvchisi